Abituriyentlar, ota-onalar uchun hayajonli kunlar yaqin

Ayni vaqtda yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida 2018/2019 o‘quv yili uchun qabul davom etmoqda. Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ham bu boradagi ishlar namunali tarzda tashkil etilgan.

Prezidentimizning joriy yil 4 iyundagi “2018/2019 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mazkur institutning bakalavr bosqichiga 1 ming 275, magistratura bosqichiga 105 yigit-qiz qabul qilinadi. Maxsus sirtqi bo‘limda bakalavr bosqichiga 90 o‘rin ajratilgan.

Institutning “Qurilish”, “Iqtisodiyot”, “Elektromexanika”, “Tashishni tashkil etish va transport logistikasi” fakultetida 14 ta’lim yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlanadi.

– Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu yildan boshlab institutda “Transport inshootlarining ekspluatatsiyasi (ko‘priklar va tunellar)” ta’lim yo‘nalishi va magistraturada “Vagonsozlik” mutaxassisligi bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochilgan, – deydi institutning axborot-maslahat markazi maslahatchisi Mironshoh Ortiqov. – Shu yo‘nalishda ham abituriyentlar qabul qilinmoqda. Joriy yilning 1 iyulidan boshlab magistratura bosqichi uchun ham hujjatlar qabul qilish boshlanadi. Ayni vaqtgacha mingga yaqin yigit-qiz hujjat topshirdi.

Institutning maxsus sirtqi bo‘limiga hujjat topshirish uchun kasb-hunar ma’lumoti qabul kvotalari mavjud ta’lim yo‘nalishiga mos yoki turdosh bo‘lishi va kamida uch yil temir yo‘l sohasida amaliy ish stajiga, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasidan tavsiyanomaga ega bo‘lishi talab etiladi.

Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli savollar bo‘yicha tushuntirish va maslahatlar berish maqsadida institut qabul komissiyasida axborot-maslahat markazi tashkil etilgan. Unda abituriyentlarga va ularning ota-onalariga qabul jarayonlari haqida to‘liq ma’lumotlar beriladi.

Axborot-maslahat markaziga yuqori malakali, ko‘p yillik tajribaga ega professor-o‘qituvchilar jalb etilgan bo‘lib, bu yerda qabulga oid me’yoriy hujjatlar, statistik ma’lumotlar, kasbga yo‘naltiruvchi targ‘ibot-tashviqot lavhalari, maslahatlar jadvali, e’lonlar va boshqa zarur ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Shuningdek, axborot-maslahat markazida 2018/2019 o‘quv yili qabuliga oid, jumladan, test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha yangi o‘zgarishlar, ta’lim yo‘nalishlari, o‘qitish tillari va shakllari, o‘qishga qabul qilish tartiblari to‘g‘risidagi Nizomlar, imtihon shakllari, ta’lim yo‘nalishlarining test bo‘yicha muvofiq keluvchi fanlar majmuasi va boshqa barcha ma’lumotlar joylashtirilgan.

Markazga fuqarolar (0371) 299-02-43 telefon raqami orqali murojaat qilishi hamda telegram , facebook  ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalar orqali tezkor ma’lumotlarni olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, mamlakatimizda 2018/2019 o‘quv yili uchun arizalar 15 iyundan 15 iyulgacha qabul qilinadi.

Endilikda test sinovlari har yili 1 avgustdan 15 avgustga qadar, kuniga ikki smenada o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Shu kunlarda har kuni ertalab soat 8:00 va 15:00 da test sinovlari boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 2 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida abituriyentlar umumiy soniga nisbatan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ajratilgan.

Prezidentimizning joriy yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning xizmatdagi ofitserlari, shuningdek, shartnoma bo‘yicha xizmat qilayotgan serjantlar va oddiy askarlarning farzandlari uchun davlat granti asosida ta’lim olishga umumiy qabul sonidan 5 foizli kvota ajratiladi. Ularning farzandlariga maxsus tavsiyanoma beriladi.

Shuningdek, harbiy xizmatni o‘tashda halok bo‘lgan, yaralangan, kontuziya yoki shikastlanish natijasida nogiron bo‘lib qolgan yoki kasalliklarga duchor bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari tegishli vazirlik yoki idoraning tavsiyanomasi asosida oliy ta’lim muassasalarining byudjet o‘rinlariga maxsus kvota bo‘yicha test sinovlarisiz qabul qilinadi.

Ayni vaqtda yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida olib borilayotgan bu kabi keng ko‘lamli ishlar kelajakda mustahkam bilim va yuksak saviyaga ega kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Barno Meliqulova, O‘zA