Prezidentimiz Olmazor tumanidagi 2-ichki ishlar bo‘limi bilan tanishdi

Mazkur ichki ishlar bo‘limi Shifokorlar, Jiydali, Xislat, Beruniy, Mirza G‘olib va Chig‘atoy Oqtepa mahallalari hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha faoliyat olib boradi.

Bo‘limda navbatchilik qismi, tergov, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat qidiruv, voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspektorlari, xorijga chiqish-kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish xodimi hamda mahalla profilaktika inspektori samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.

Ichki ishlar bo‘limi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Navbatchilik qismiga videokuzatuv tizimi joriy etilgan bo‘lib, hududni tunu kun nazorat qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolar xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman hududidagi jamoat obyektlariga o‘rnatilgan intellektual kameralar qidiruvda bo‘lgan fuqarolarning yuz tasviri, o‘g‘irlangan avtomobillar davlat raqamini mazkur navbatchilik qismiga yuboradi. Bu yerdagi videokuzatuv tizimi IIV ma’lumotlar bazasiga ulangan bo‘lib, shubhali shaxs haqida bo‘limga signal beradi. Shundan so‘ng shubhali shaxs aniqlangan hududga darhol ichki ishlar xodimlari yuborilib, jinoyatchi qo‘lga olinadi.

f6034746-1870-4733-9474-fef87083d7a1.jpg

Hududda ko‘p qavatli uylar, oliy ta’lim muassasalari, shifoxonalar, jome’ masjidlari, dehqon bozori va boshqa ijtimoiy obyektlar talaygina bo‘lib, bo‘lim barcha joyda vaziyatni kuzatib borish, zarur hollarda zudlik bilan choralar ko‘rish, osoyishtalikni ta’minlash imkonini beradi.

Prezidentimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlar mutasaddilari bilan suhbatda aholi osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bugungi kunning eng muhim ustuvor vazifalaridan ekanini ta’kidladi. Jamiyatda ma’naviy muhit barqarorligini asrash, yoshlar diniy oqimlarga qo‘shilib ketishining oldini olish, xalqimiz osoyishtaligini mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

– Fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketish sabablari, jinoyatchilikni keltirib chiqarayotgan asosiy omillarni o‘rganuvchi, aniqlovchi, tahlil qiluvchi mutaxassislarga ehtiyoj yuqori. Odamlarni diniy oqimlardan qaytaruvchi haqiqiy psixolog mutaxassislar yetishmaydi. Jinoyatning tagiga yetadigan, uni aniqlaydigan metodik qo‘llanmalar bugun suv va havodek zarur. Bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish uchun Davlat xavfsizligi xizmati huzurida din sohasida chuqur bilimli mutaxassislar tayyorlaydigan, Bosh prokuratura huzurida kriminalistika, ya’ni jinoyatchilikning kelib chiqish sabablarini o‘rganadigan markazlarni tuzish payti keldi, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz shu yerda Toshkent shahar IIBB qo‘riqlash, yo‘l harakati xavfsizligi, post-patrul xizmatlariga ajratilgan avto-mototransport vositalari, ko‘chma post kabinasi namunalari bilan tanishdi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA