Imomali Rahmon O‘zbekiston bilan chegaradosh tumanga tashrif buyurdi

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston bilan do‘stlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Shahriston tumani aholisi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Xovar” axborot agentligi.
Muloqot chog‘ida Tojikiston rahbari O‘zbekiston bilan chegaradosh tuman aholisini o‘zbeklar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga chaqirgan.
– Shahriston tumani qo‘shni va do‘st mamlakat – O‘zbekiston Respublikasi bilan chegaradosh. Bu aholiga katta imkoniyatlar yaratadi. Mazkur sharoitdan oqilona foydalanish orqali siz o‘zbekistonlik hamkorlarimiz bilan savdo-iqtisodiy va, eng muhimi, o‘zaro ishonchga asoslangan do‘stligimizni yangi bosqichga ko‘tara olasiz, – degan Imomali Rahmon chegaradosh hudud aholisi bilan suhbatda.
Shu bilan birga, Tojikiston Prezidenti o‘zbek va tojik xalqlari Shahristonda o‘zaro hamjihatlikda totuv hayot kechirayotganini qayd etgan.

 

O‘zA