Turizmni rivojlantirish bo‘yicha to‘qqiz taklif

Turizm bo‘yicha mutaxassis emasman. Bu sohada tajribam yo‘q hisobi. Ammo men Vatanimni sevaman. Samarqand, Buxoro, Xiva singari dunyoga mashhur shaharlarimiz bilan g‘ururlanaman. O‘zimni shu yurtning bir bo‘lagi deb bilaman. Xorijdan, aniqrog‘i Turkiyadan kelgan bir guruh sayyohlarga hamrohlik qilish chog‘ida ko‘rganlarim, eshitganlarim va anglaganlarim asosida quyidagi takliflarni o‘rtaga tashlamoqchiman:
1. Sayyohlarning milliy va diniy mansubligini, an’analarini, turmush tarzini hisobga olishimiz, ular uchun maxsus oshxonalar tashkil qilishimiz zarur ekan. Mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar orasida vegetarianlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bizning milliy taomlarimizning aksariyati go‘shtli va o‘ta yog‘li taomlardir.
2. Sifatli, yengil tamaddixonalarni ko‘paytirishimiz kerak ekan. Turkiyaga sayohat qilganimizda, har qadamda fast-fud, jo‘xori, semit, kashtan, kofe kabi yegulik va ichimliklar sotilishiga guvoh bo‘lgan edik. Turistlar gavjum bo‘lgan joylarda shunga o‘xshagan kichik tamaddi shahobchalarini ochish maqsadga muvofiqdir.
3. Mehmonxonalarning servis darajasini “yulduzlar”iga moslashtirish kerak. Turistlar mehmonxona xizmatidan foydalanar ekan, bu borada eng kichik detallargacha e’tibor qaratadi: issiq-sovuq suvning muntazamligi, xonalarga mineral suvlarning qo‘yilishi, namoz o‘quvchilar uchun joynamozlar, “qibla” strelkalari qo‘yilgani va h.k.
Xorijlik sayyohlar mehmonxonalarimizning aksarida servislar talab darajasiga javob bermasligidan norozi. Ko‘pincha bu mehmonxonalarning belgilangan “yulduzi”ga mos kelmasligi bilan bog‘liq. Bu masalani kompleks ko‘rib chiqish, tekshirish, turistlarning shikoyatlarini aks ettirish mumkin bo‘lgan elektron davlat portaliga o‘xshash xizmatni yo‘lga qo‘yish katta ahamiyatga ega.
4. Turistlarni ranjitayotgan yana bir jihat – qadimiy obidalarning restavratsiya oqibatida haqiqiy ko‘rinishini deyali yo‘qotgani bilan bog‘liq. Butun dunyoda buning teskari tendensiyasini kuzatamiz, ya’ni qadimiy inshootlar qaysi davrga tegishli bo‘lsa, uni topilgan yoki mavjud holatida saqlab qolishga ahamiyat beriladi.
5. Turistlarni kutish va kuzatib qo‘yish madaniyati yetarli darajada shakllanmagan. Kuzatuvlardan ma’lum bo‘ldiki, tarixiy obyektlarda bevosita faoliyat olib borayotgan xodimlar hamda qo‘riqlash xizmati vakillarining chet tilini bilmasligi, turistlarga xushmuomala munosabatda bo‘lmasligi, yuz-ko‘zida yasama bo‘lsa ham tabassum ko‘rinmasligi turizmga halal beruvchi jiddiy omillardan biri.
6. Ziyorat joylari, mehmonxonalar, dam olish maskanlaridagi servis xizmatlarini potensial mehmonlar dini, mentaliteti va turmush tarziga moslashtirish. Mazkur yo‘nalishda ilk qadamlar tashlandi: joriy yilning may oyida “halol turizm” xususiyatlariga xos oilaviy hordiq chiqarish, hamyonbop turar joylarda sifatli, ozoda ovqatlanish shahobchalarida taomlanish, erkaklar va ayollar uchun alohida hovuzlar, bolalar uchun o‘yingohlar tashkil qilish, “halol” yorliqli oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlarini joriy qilish masalalari bo‘yicha Turkiyadan bir guruh mutaxassislar kelishdi.
O‘rni kelganda aytish kerak, Buxoro shahrida joylashgan, hozirda ham faoliyat yuritayotgan XVI asrga oid ayollarning Kunjak hammomi va boshqa saqlanib qolgan issiqxonalarni ham ushbu ro‘yxatga qo‘shish va uni qadimiy mo‘jaz inshoot sifatida reklama qilish o‘rinli bo‘lardi. Masalan, Turkiyadagi “Xurram sulton” hammomi xuddi shunday makonlardan biri. Ya’ni turistlarning aksari musulmon mamlakatlardan tashrif buyuradigan bo‘lsa, O‘zbekistonda “halol turizmni” yuritish uchun tarixan asoslar yetarli.
7. Tarixiy obidalarga olib boruvchi yo‘llarni sozlash lozim. Buxoro viloyatiga sayohat qiluvchilar uchun bir kunda “Yetti pir” kompleks ziyoratini amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu ma’naviy, tashkiliy, iqtisodiy jihatdan yaxshi o‘ylangan tadbir. Ammo “Yetti pir” ziyoratgohlari orasidagi yo‘l infratuzilmasi, ziyorat maskani atrofidagi bino va yo‘laklar, umuman, talabga javob bermaydi. Bu, nazarimda, tarixiy binolar ulug‘vorligiga birinchi qadamdan soya solayotgandek.
8. Tarixiy obidalarda ishlayotgan gidlarning aksari faqat o‘zbek tilida so‘zlashuvchilardan iborat, bu ichki turizm uchun asqotar. Ammo xorijliklar uchun tarjimon o‘z yo‘liga, shu me’moriy obida tarixi, arxitekturasi va boshqa masalalar bo‘yicha ma’lumot bera oluvchi chet tilini biladigan gidlar kerak. Qo‘shimcha ravishda, har bir obida uchun yo bo‘lmasa, yuqorida aytganimiz “Yetti pir” ziyoratgohlari, Xorazmdagi Xiva kompleksiga kiruvchi obidalar uchun “audio gid”lar tashkil qilish kerak. Mazkur audiogidlar dunyoning asosiy bir necha tillarida turistlar uchun obidalar haqida so‘zlab tursa, ko‘rinayotgan meros ortida yana qanday tarix borligini ko‘rsatib bergan bo‘lardi.
9. Ziyorat o‘z odobi bilan go‘zal. Turistlar tomonidan eng ko‘p “e’tirof” etilgan hojatxona va tahoratxonalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Toshkentdan to Samarqand, Buxorogacha, undan Xivagacha avtobus yoki yo‘l mashinalarida boradigan turistlar uchun yo‘l-yo‘lakay “WC”xonalar va erkaklar hamda ayollar uchun mo‘ljallangan alohida toza, ozoda tahoratxonlar tashkil qilish mutasaddi tashkilotlar uchun ko‘p ham qiyin bo‘lmasa kerak.
Bu soha xo‘jako‘rsinga emas, chin ma’noda rivojlantirmoqchi bo‘lsak, yuqoridagi va bundan boshqa ko‘plab muammolarning javobini izlashimiz, ularga tezda yechim topishimiz zarur.
Dilnoza Umarova, jurnalist

 

O‘zA