Milliy matbuot markazida “Ommaviy axborot vositalarida til, uslub va tahrir masalalari” mavzuida VI ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining 100 yilligiga bag‘ishlangan mazkur anjuman O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va O‘zMU Jurnalistika fakultetining “Uslubiyat va tahrir” kafedrasi hamkorligida tashkil etildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisining o‘rinbosari X.Salimov, O‘zbekiston Milliy universitetining ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori O.Xolmuhamedov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri A.Meliboyev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda adabiyot, madaniyat sohalari kabi milliy media sohani zamon talablariga monand ravnaq toptirishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-avgustdagi “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2018-yil 24-maydagi “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari mazkur soha ravnaqiga ko‘rsatilayotgan e’tiborning ko‘lamidan darak beradi.

Ma’lumki, ommaviy axborot vositalari ijtimoiy ongnishakllantirish va aks ettirishning muhim vositasi sanaladi. Anjumanda qayd etilganidek, ommaviy muloqot tili va uslubi kundalik umumadabiy so‘zlashuv nutqi ehtiyojlari va qonuniyatlarigaasoslanmog‘i lozimdir. Negaki, axborotni qayta ishlash va uzatish jarayonlari uni qabul qilish va tushunish qonuniyatlariga mos tarzda amalga oshiriladi.

Anjumanda ommaviy axborot vositalari matnlarining tili, uslubi, tahriri sohasidagi mavjud dolzarb masalalar va ularning yechimlari, matnlarning ta’sirchanligini oshirish yo‘llari, noshirlik sohasini rivojlantirish istiqbollariga oid yangiliklar, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar borasidagi masalalar media sohasidagi olimlar, ilmiy tadqiqotchilar va malakali amaliyotchi-mutaxassislar tomonidan atroflicha muhokama etildi.

Tadbir yakunida konferensiyada faol qatnashgan talabalar, soha vakillari, olimlarga diplomlar topshirildi.

 

Nazokat Usmonova, O‘zA