Bir qator xorijlik mutaxassislarni jalb etgan yangi o‘zbek filmi “SCORPION” ijodiy guruhi suratga olish ishlarini boshlash arafasida.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Kinematografiyani rivojlantirish markazining qo‘shma qaroriga muvofiq o‘zbekistonlik yosh kinoijodkorlar tomonidan yoshlar tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan“SCORPION” to‘liq metrajli badiiy film suratga olinib, uni keng namoyishi qo‘llab-quvvatlanadi.

Filmning suratga olish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi ko‘magida Toshkent va Buxoro shaharlarida, shuningdek, Rossiya va Marokash davlatlarida bo‘lib o‘tadi.

Shu yilning 16-fevral kuni film operatori Maks Tsui (Germaniya) va boshqa xorijiy kinoijodkorlar suratga olish ishlarini boshlash uchun Toshkent shahriga yetib kelishdi.

Maks O‘zbekistonning qadimiy shahri Buxoro haqidagi “Welcome to Bukhara” video-roligiga ham operatorlik qilgan.

Ayni kunlarda film rejissyori Muxlisa Azizova ijodiy guruh bilan film loyihasi ustida ish olib bormoqda.