Senat yalpi majlisi: Propiskaga doir muhim yangiliklar kutilmoqda

Senatorlar “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunni koʻrib chiqdi.
Qonunga koʻra “doimiy propiska” soʻzlari “yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish” soʻzlariga almashtirilmoqda. Bundan tashqari, fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida boʻlgan boshqa manzildagi uy-joy maydoniga ham doimiy roʻyxatga turish imkoniyati yaratilmoqda. Qolaversa, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yoʻqotish boʻyicha qoidalar bekor qilinmoqda.
Yana bir jihat, Oliy Majlis palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda davlat hokimiyati organlariga, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar, shuningdek, ularning oila aʼzolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan soʻng, ular boshqa ishga oʻtishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi boʻyicha doimiy roʻyxatdan chiqarilishga olib kelishiga oid qoida chiqarib tashlanmoqda.
Davlat hokimiyati organlarida, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq boʻlgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining maʼlumotnomasiga koʻra, shuningdek, ularning oila aʼzolariga doimiy roʻyxatga turish boʻyicha yangi band kiritilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

OʻzA