Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 yanvardagi “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5643-son Farmoni ijrosi yuzasidan, shuningdek, chet el investitsiyalari keng jalb etilishini taʼminlash hamda respublika tashqi savdo faoliyatini rivojlantirish boʻyicha ishlar samaradorligini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) huzurida:

Idoralararo bojxona-tarif kengashini tugatgan holda Tarif va notarif tartibga solish kengashi;

chet el investorlarini maʼlumotlar bilan taʼminlash va huquqiy koʻmak berish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni hal etish, zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha ularga xizmat koʻrsatish uchun Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi;

mahalliy xomashyo negizida yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun ilgʻor xorijiy texnologiyalarni izlab topish, jalb qilish va joriy etishga, ilmiy ishlanmalarni ekspertiza qilish, ularning miqyosini kengaytirish va tijoratlashtirishning samarali tizimini yaratish, ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiquvchi va joriy etuvchi korxonalarga davlat tomonidan koʻmak berish mexanizmlarini shakllantirish maqsadida Texnologik rivojlanish agentligi tashkil etilsin.

Belgilansinki, Tarif va notarif tartibga solish kengashining tarkibi 1-ilovaga koʻra namunaviy tarkibga muvofiq shakllantiriladi.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining markaziy apparati tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Vazirlik huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi hamda Texnologik rivojlanish agentligi tuzilmalari 4, 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi va Texnologik rivojlanish agentligi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 1 183 nafar, shu jumladan, Vazirlikning markaziy apparati boshqaruv xodimlari – 200 nafar etib belgilansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga:

zarur hollarda, boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida Vazirlik markaziy apparati, Vazirlik huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi hamda Texnologik rivojlanish agentligi tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;

Vazirlikning hududiy boʻlinmalari tuzilmalarini va boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida ularning boshqaruv xodimlari cheklangan sonini tasdiqlash;

Vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan boshqaruv xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini kiritish;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy va taʼlim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchi sifatida jalb qilish;

malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqi miqdori hamda boshqa toʻlovlarni chet el valyutasida belgilash huquqi berilsin.

4. Belgilansinki:

Vazirlik huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi va Texnologik rivojlanish agentligi direktorlari – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri taqdimnomasiga asosan;

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi va Texnologik rivojlanish agentligi direktorlari oʻrinbosarlari – Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri tomonidan;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, uning oʻrinbosari – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda;

viloyatlar hamda Toshkent shahar investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmalari boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari – viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishgan holda;

tumanlar va shaharlar investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimlari boshliqlari – tegishli tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri, viloyatlar, shuningdek, Toshkent shahar investitsiyalar va savdo boshqarmalari boshliqlari taqdimnomasiga koʻra hamda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

5. Vazirlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Adliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda investitsiya shartnomalarini tuzish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni qayta koʻrib chiqqan holda investitsiya shartnomalarida xoʻjalik yurituvchi subyektlarni bozorda ustun mavqega olib chiquvchi alohida huquq va qoidalar kiritilishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha aniq mexanizmlarini belgilab beruvchi namunaviy investitsiya shartnomalari hamda ularni tuzish va imzolash qoidalarini tasdiqlasin.

6. Belgilansinki, 2019 yil 1 iyuldan boshlab investorlar bilan oʻzaro aloqalar “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshiriladi, uning doirasida salohiyatli investorlarga konsultatsiya berish, ularning davlat xizmatlaridan foydalanishi, shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ulanishida yordamlashish, shuningdek, investitsiya shartnomalarini tuzishda koʻmaklashish borasidagi ishlar bajariladi.

Vazirlik ikki oy muddatda investorlar bilan “yagona darcha” tamoyili asosidagi oʻzaro hamkorlik qilish tartibini, shuningdek, tumanlar, shaharlardagi Vazirlik xodimlarining tegishli davlat xizmatlari markazlariga yuborilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining investitsiyalarni jalb qilish va tashqi savdoni rivojlantirish uchun masʼul oʻrinbosarlari har chorakda Vazirlikka iqtisodiyotning asosiy sohalariga toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish va infratuzilmani rivojlantirish hamda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining texnik koʻmagi vositalari (grantlari) va imtiyozli kreditlari hisobidan loyihalarning amalga oshirilishi boʻyicha qilingan ishlar toʻgʻrisida tahliliy materiallar va hisobotlar taqdim etadi;

Vazirlik xodimlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan belgilangan tartibda ajratiladigan koʻp yillik xizmatlari uchun ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar, shuningdek, avvalgi ish joyida berilgan maxsus unvonlar, darajali unvonlar, diplomatik va boshqa martabalar saqlab qolinadi.

Vazirlik va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatining joriy taʼminoti va moliyalashtirish xarajatlari (ish haqi, mukofotlar, ustamalar va boshqa toʻlovlarni oʻz ichiga olgan holda) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar va shaharlarning tegishli byudjetlari mablagʻlari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

Vazirlik huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi hamda Texnologik rivojlanish agentligi xodimlariga Vazirlikning markaziy apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya shart-sharoitlari joriy etiladi;

Vazirlikning hududiy boʻlinmalari xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 yanvardagi “Hududiy davlat boshqaruvi organlari xodimlarining faoliyatini yanada takomillashtirish va ularni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2722-son qarorining 1-bandida nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.

9. Vazirlik tomonidan mahalliy hamda xorijiy investorlar va tashqi savdo faoliyati ishtirokchilari uchun noqulay sharoitlar mavjudligi toʻgʻrisida kelib tushgan axborotlar boʻyicha tezkor choralar koʻrilsin.

10. Vazirlik va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining:

foydalanilmayotgan ishlab chiqarish obyektlaridan samarali foydalanish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda xususiy tadbirkorlik subyektlarining boʻsh turgan va qurilishi tugallanmagan obyektlari ishlab chiqarish faoliyatini tiklashga qaratilgan investitsiya loyihalari (“yoʻl xaritalari”) ni ishlab chiqish boʻyicha idoralararo komissiyaning ishchi organi funksiyalarini amalga oshirish;

Tadbirkorlik faoliyati asoslarini oʻqitish respublika markazi qoshida tashqi savdo va eksport asoslari boʻyicha bepul kurslarni tashkil etish hamda kelgusida bunday kurslarni tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlarida tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

Vazirlik, Davlat bojxona qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi va boshqa masʼul vazirlik va idoralar tashqi savdo va eksport asoslari boʻyicha kurslarni tashkil etish va oʻtkazishda Savdo-sanoat palatasiga koʻmaklashsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat rivojlanish dasturlarini moliyalashtirish funksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga yuklagan holda Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasini 2019 yil 1 fevraldan boshlab tugatish va tugatilayotgan Jamgʻarmaning 14 nafar boshqaruv xodimlarini hududiy moliya organlari tuzilmasiga berish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

a) bir oy muddatda:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining zamonaviy imkoniyatlarini joriy etishni taʼminlagan holda tan olinadigan mamlakatlarda Oʻzbekiston Respublikasi mahsulotlarini oʻzini oʻzi sertifikatlash tizimini joriy etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining mansublik sertifikatini rasmiylashtirish funksiyasini Savdo-sanoat palatasiga berish boʻyicha tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

Vazirlik xodimlarining moddiy taʼminotini yaxshilash boʻyicha, jumladan, ular uchun turar joylar va xizmat uylari qurish va Vazirlikni joylashtirishni nazarda tutuvchi takliflar kiritsin;

b) uch oy muddatda eksport mahsulotlarini tizimli ravishda yetkazib berishni tashkil etish va kelgusida ularni mintaqaviy bozorlarda sotish maqsadida davlat-xususiy sherikligi asosida xorijda ulgurji-taqsimlash markazlarini tashkil etish boʻyicha choralar koʻrsin.

13. Vazirlik Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish, sertifikatlash, yetkazib berish va sotish masalalariga oid koʻrsatuvlar turkumini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Vazirlikni belgilangan tartibda telefon aloqasi, shu jumladan, hukumat aloqasi, Internet tarmogʻiga ulash hamda Vazirlikning samarali ishlashi uchun zarur boʻlgan dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilishi va joriy etilishini taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

ushbu qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlik xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha 2019 yilga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlari doirasida mablagʻ ajratsin va 2020 yildan boshlab zarur byudjet mablagʻlarini koʻzda tutsin;

30 ta, shu jumladan, 25 ta shaxsiy biriktirilgan va ulardan 14 tasi Vazirlikning hududiy boʻlinmalari uchun moʻljallangan xizmat yengil avtomobillarining taʼminoti uchun limit belgilasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasiga ushbu qaror talablaridan kelib chiqib tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.

16. Vazirlik:

a) 2019 yil 1 iyunga qadar salohiyatli investorlarni qiziqtiruvchi dastlabki hisob-kitoblarga ega aniq loyihalar va boshqa maʼlumotlarni koʻrsatgan holda har bir hududning ishlab chiqarish salohiyati va investitsiya hajmiga boʻlgan ehtiyojini aks ettiruvchi Oʻzbekiston Respublikasining interaktiv investitsiyaviy xaritasini ishlab chiqsin va joriy qilinishini taʼminlasin;

b) bir oy muddatda:

Vazirlikning markaziy apparati va uning hududiy boʻlinmalarini zarur nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalarga ega, Vazirlikka yuklatilgan vazifalarni professional darajada amalga oshirish qobiliyatiga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirishni;

Vazirlikning tarkibiy va quyi boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlar (ustavlar), shuningdek, xodimlarning lavozim yoʻriqnomalari tasdiqlanishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 oktyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3978-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portalida respublika hududlari eksport salohiyati, isteʼmol bozorlari hajmi boʻyicha statistik hisobotlar, sanitar va fitosanitar talablar, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning meva-sabzavot mahsulotlari bozorlariga kirishning boshqa shartlari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan erkin foydalanish imkonini beruvchi elektron katalogning chop etilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi milliy mahsulotlari brendini, jumladan, ommaviy axborot vositalarida tanlov tashkil etish orqali ishlab chiqish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin;

v) Vazirlik, uning boʻlinmalari va ularning rahbarlari faoliyatini aniq natija va maqsadli indikatorlarga erishish, tashqi savdo va investitsiyalarni rivojlantirish boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbollarga moʻljallangan strategiya dasturlari sifatli va samarali bajarilishini taʼminlash asosida baholashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish choralarini koʻrsin;

g) Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda doimiy ravishda tashqi bozorlar talablarini, jumladan, xorijiy mamlakatlardagi vakolatli organlarga doimiy ravishda soʻrovlar joʻnatish orqali oʻrgansin, xorijda yuqori talabga ega mahsulotlar roʻyxatini shakllantirsin va umumfoydalanadigan shaklda joylashtirsin;

d) tashqi bozorlarni tahlil qilish natijalari asosida mahsulotga boʻlgan talabni, tegishli mamlakatga yetkazib berish rentabelligi va boshqa xususiyatlarni inobatga olgan holda mahsulotlarni eksport qilish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va ruxsatnomalar olish masalalarini hal etish maqsadida mamlakatlar va mahsulotlar roʻyxatini har yili 5 yanvarga qadar vakolatli organlarga taqdim etilishini taʼminlasin;

ye) tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

oʻzaro hamkorlikning aniq va samarali mexanizmlarini va bozorlarda yuzaga keluvchi vaziyatlarga oʻz vaqtida taʼsir chorasini koʻrishni nazarda tutuvchi Vazirlik huzuridagi Tarif va notarif tartibga solish boʻyicha Kengash faoliyati toʻgʻrisidagi Nizomni;

Vazirlikning boʻlinmalari va boshqa vakolatli organlarining mazkur sohadagi vakolatlarini aniq belgilagan holda, shuningdek, davlat boshqaruvi va joylardagi ijro hokimiyati organlari bilan oʻzaro faoliyat yuritish mexanizmlarini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomni;

Vazirlik huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Eksportni ragʻbatlantirish agentligi va Texnologik rivojlanish agentligi toʻgʻrisidagi nizomlarni;

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishva qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni kiritsin;

17. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Vazirlik va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oʻzbekoziqovqatxolding” XKni tugatishchoralarini koʻrsin va ushbu sohada oʻzini oʻzi tartibga soluvchi tashkilot tuzish boʻyicha takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.M.Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 28 yanvar