Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 16 aprelda

qabul qilingan

Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda

ma’qullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

lokal tarmoq – elektr, issiqlik energiyasini yoxud biogazni tashish (uzatish) va (yoki) taqsimlash uchun mustaqil ravishda ishlovchi elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘i;

mikro va kichik gidroelektrostansiyalar – elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun suv oqimlarining tabiiy harakati energiyasidan foydalanuvchi, o‘rnatilgan quvvati tegishincha 0,2 MVt va 30 MVtgacha bo‘lgan to‘g‘onsiz gidroelektrostansiyalar;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari – atrof-muhitda tabiiy holda qayta tiklanuvchi quyosh, shamol energiyasi, yer harorati (geotermal), suv oqimlarining tabiiy harakati, biomassa energiyasi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish – ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, qidiruv, joriy etish, loyihalash, qurilish-montaj ishlari va foydalanishga doir ishlar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, uni tashish, to‘plash, realizatsiya va iste’mol qilish bilan bog‘liq faoliyat;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, energiyani qabul qilib olish, o‘zgartirish, to‘plash va (yoki) uzatish, shuningdek hisobga olish bo‘yicha texnologik asbob-uskunalar majmuasi, texnologik va (yoki) butlovchi asbob-uskunalar;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar – qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar.

2-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan

foydalanish sohasini tartibga solish

4-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va chora-tadbirlarni amalga oshirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

mamlakatning energetika xavfsizligini mustahkamlash, yoqilg‘i-energetika balansining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr, issiqlik energiyasi va biogaz ishlab chiqarishga doir qismini diversifikatsiyalash;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalarni, ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni joriy etishni, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining energiya jihatdan samaradorligini oshirishni, ularning ishlab chiqarilishini kengaytirishni va mahalliylashtirishni rag‘batlantirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning sinab ko‘rilgan texnologiyalari asosida energiya ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb etishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

5-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish, shuningdek ilmiy-texnikaviy yutuqlarni targ‘ib qilish uchun sharoitlar yaratadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida o‘z vakolatlari doirasida:

Elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlarini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash reglamentini;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida qulay raqobatbardoshlilik hamda ishbilarmonlik muhiti shakllantirilishini rag‘batlantiruvchi narx va tarif siyosatini;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining davlat hisobini yuritish tartibini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi.

7-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Maxsus vakolatli davlat organi:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi texnik reglamentlarni, normalar va qoidalarni o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning bajarilishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilarni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida narx va tarif siyosatiga doir masalalar yuzasidan takliflar kiritadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobini yuritadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasiga innovatsion texnologiyalar, ilmiy-texnikaviy ishlanmalar joriy etilishiga ko‘maklashadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya bozorida qulay raqobatbardoshlilik hamda ishbilarmonlik muhiti shakllantirilishini rag‘batlantiruvchi narx va tarif siyosatini takomillashtirish asosida amalga oshiradi;

iqtisodiyot tarmoqlariga va maishiy sektorga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi resurslarni va energiyani tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan

foydalanish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida energiya jihatidan samarador, energiyani tejovchi va innovatsion zamonaviy texnologiyalarning yaratilishi hamda joriy etilishiga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining ishlab chiqarilishini tashkil etishga ko‘maklashadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qiladi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joylashtirish uchun yer uchastkalari ajratish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.

9-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan

foydalanish sohasidagi ilmiy-texnikaviy

va innovatsion ta’minot

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarishni, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni ilmiy-texnikaviy hamda innovatsion jihatdan ta’minlash davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

10-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining

hamda fuqarolarning qayta tiklanuvchi

energiya manbalaridan foydalanishga doir tadbirlardagi ishtiroki

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolar:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etishi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashishi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin.

11-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan

energiya ishlab chiqaruvchilarning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini

ishlab chiqaruvchilarning huquqlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish;

lokal tarmoqni (elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘ini) yaratish;

lokal tarmoq (elektr, issiqlik va (yoki) gaz tarmog‘i) orqali yetkazib beriladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr, issiqlik energiyasi va (yoki) biogazni realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish.

12-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan

energiya ishlab chiqaruvchilarning va qayta

tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini

ishlab chiqaruvchilarning majburiyatlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqarish chog‘ida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi texnik reglamentlarga, normalar va qoidalarga rioya etishi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning alohida hisobini yuritishi shart.

3-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish

13-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida investitsion, ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida davlat tomonidan quyidagicha qo‘llab-quvvatlash amalga oshiriladi:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq, bojxonaga oid hamda boshqa imtiyozlar va preferensiyalar belgilash;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida innovatsion texnologiyalar yaratish va ularni qo‘llashga ko‘maklashish;

qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining yagona elektr energetikasi tizimiga kafolatli ulanishini ta’minlash;

elektr energiyasining yagona xaridori va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilish uchun shartnomalar tuzish huquqini berish.

Foydalanilishi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini salmoqli tarzda oshiradigan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini import qilish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslarga soliqlar hamda bojxona bojlariga doir imtiyozlar berilishi mumkin.

14-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi imtiyozlar va preferensiyalar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati
0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga ozod etiladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran besh yil muddatga soliqning barcha turlarini to‘lashdan ozod etiladi.

Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar egaligidagi mol-mulkka qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i solinmaydi.

Amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan yashash uchun mo‘ljallangan joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod etiladi.

Energiya yetkazib beruvchi tashkilot tomonidan berilgan amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan imtiyozlarni berish uchun asos bo‘ladi.

4-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari

15-modda. Elektr energiyasini ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun elektr energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar blok-stansiyalar shartlari asosida, shuningdek hosil qilinayotgan elektr energiyaning maksimal qiymati ko‘rsatilgan
holda tanlov asosida yagona elektr energetikasi tizimiga ulanishi mumkin. Blok-stansiya iste’molchilarning yagona elektr energetikasi tizimiga bevosita yoki iste’molchilar elektr tarmog‘i orqali ulangan hamda operativ-dispetcherlik boshqaruvi tizimiga kiradigan elektr stansiyasi hisoblanadi.

Amaldagi elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va (yoki) kengaytirish uchun zarur bo‘lgan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ulash bilan bog‘liq xarajatlarni ularning egasi amalga oshiradi, yagona elektr energetikasi tizimiga ulanish nuqtasigacha bo‘lgan xarajatlarni esa, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchi amalga oshiradi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini yagona elektr energetikasi tizimiga o‘zboshimchalik bilan ulash taqiqlanadi.

Lokal elektr tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Elektr energiyasi iste’molchilarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarning lokal elektr tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.

16-modda. Issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishning o‘ziga xos xususiyatlari

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan shaxsiy ehtiyojlar uchun issiqlik energiyasi ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini hududiy va magistral issiqlik tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.

Lokal issiqlik tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Issiqlik energiyasi iste’molchilarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchilarning lokal issiqlik tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.

17-modda. Biogazni ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi

energiya manbalaridan foydalanishning

o‘ziga xos xususiyatlari

Biogaz mahsulotlarning, chiqindilarning hamda kelib chiqishi o‘simlik va hayvonotga mansub qoldiqlarning, sanoat va kommunal-maishiy chiqindilarning biologik jihatdan parchalanadigan moddalardan iborat bo‘lgan biomassasidan ishlab chiqariladi.

Biomassadan shaxsiy ehtiyojlar uchun biogaz ishlab chiqarilgan taqdirda, ruxsat beruvchi hujjatlar olish talab etilmaydi.

Biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchilarga qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini hududiy va magistral gaz tarmoqlariga ulash taqiqlanadi.

Lokal gaz tarmog‘ini barpo etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini unga ulash biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Biogaz iste’molchilarini biomassadan biogaz ishlab chiqaruvchilarning lokal gaz tarmog‘iga ulash shartnoma shartlari asosida amalga oshiriladi.

5-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish

sohasida davlat hisobi, elektr energiyasining tariflari

18-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari

resurslarining davlat hisobi

Maxsus vakolatli davlat organi aholining va birinchi navbatda markazlashtirilgan energiya ta’minoti tizimlaridan uzoqda joylashgan hududlarning energetikaga oid hamda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish uchun O‘zbekiston Respublikasi hududidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining davlat hisobini amalga oshiradi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari resurslarining davlat hisobini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

19-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab

chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi

energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan va iste’mol qilinadigan energiyaning butun hajmi hisobga olinishi shart.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobi quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan va iste’mol qilinadigan energiyaning hisobi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining soni aniqligini, to‘g‘riligini ta’minlash;

qayta tiklanuvchi energiya manbalarining energetik salohiyatini va ulardan foydalanish samaradorligini baholash;

manfaatdor shaxslarni qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish istiqbollari to‘g‘risida xabardor qilish va investitsiyalarni jalb etish.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiyaning va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining davlat hisobi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini joylashtirishning aniq va ehtimol tutilgan maydonchalari to‘g‘risidagi, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, foydalaniladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarining quvvati haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

20-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab

chiqariladigan elektr energiyasiga doir tariflar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasiga doir tariflar tanlov savdolari asosida belgilanadi.

Yakuniy iste’molchilar uchun elektr energiyasiga doir tariflarni shakllantirishda barcha ishlab chiqarish manbalaridan, shu jumladan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha barcha xarajatlar hisobga olinadi.

6-bob. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish

sohasida texnik jihatdan tartibga solish,

standartlashtirish, muvofiqlikni baholash

va ushbu sohadagi talablar

21-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan

foydalanish sohasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan ishlab chiqariladigan energiya va ishlab chiqariladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari sertifikatlashtirilishi lozim, bundan shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalaniladigan shunday energiya va qurilmalar mustasno.

22-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan

foydalanish sohasidagi talablar

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi faoliyat ushbu sohadagi texnik reglamentlar, normalar va qoidalarga, ekologik, sanitariya, shaharsozlik normalari va qoidalariga, ishlarni xavfsiz yuritish talablariga rioya etgan holda amalga oshirilishi kerak.

23-modda. Axborotdan foydalanish

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar, texnik reglamentlar, norma va qoidalar, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga doir innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar hamda texnologiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ommaviy axborot vositalarida va maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

24-modda. Nizolarni hal etish

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

25-modda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish

to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

26-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati

va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

27-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga

muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

28-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining

Prezidenti                                  Sh. Mirziyoev

 

O’zA