Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish,agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish, eksportga moʻljallangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy ishlab chiqarilgan texnikalar bilan taʼminlash boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻrtasida kooperatsiya tizimi yoʻlga qoʻyilmaganligi, ishlab chiqarilayotgan texnikalarda import qismlari ulushining yuqoriligi, agrar sektorni texnika bilan taʼminlashning barqaror tizimi mavjud emasligi, texnikalarga servis xizmati koʻrsatishning toʻliq yoʻlga qoʻyilmaganligi hamda ilm-fan bilan ishlab chiqarishning uygʻunlashmaganligi ushbu sohaga alohida eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda.

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻini yanada rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarish jarayonini toʻliq yoʻlga qoʻyish, agrar sektorni hududlarning tabiiy iqlim va tuproq sharoitlariga mos keladigan zamonaviy va arzon qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash, shuningdek, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini joriy etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini 2021-yilda 60 foizga yetkazish boʻyicha ishlab chiqilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi uch oy muddatda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish va ushbu loyihalarni 2021-yil yakuniga qadar ishga tushirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlanayotgan investitsiya loyihalari texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga, istisno tariqasida, tender oʻtkazmagan holda saralash tanlovi asosida loyiha institutlari va injiniring kompaniyalarini jalb qilishga ruxsat berilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, “Asaka” ATBning“Metall buyumlarni quyish zamonaviy sexini ishga tushirish” loyihasini amalga oshirishga xorijiy tijorat banklari kredit liniyalarini jalb qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ:

ikki oy muddatda mazkur loyihaning texnik iqtisodiy asoslari yetakchi loyiha institutlari va injiniring kompaniyalarini jalb qilgan holda ishlab chiqilishini;

loyihaning 2020-yil oktyabr oyiga qadar foydalanishga topshirilishini;

“Asaka” ATB bilan birgalikda mazkur loyihaning loyiha hujjatlari kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin.

3. Qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarish sanoati va boshqa sanoat tarmoqlari oʻrtasida kooperatsiyani amalga oshirish tavsiya etilayotgan mahsulotlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga mazkur roʻyxatga oʻzgartirish kiritish huquqi berilsin.

4. Quyidagilar:

2019-2020 yillarda qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq;

Qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni jadallashtirish boʻyicha ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruhi deb yuritiladi) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ishchi guruhi (N.S.Otajonov):

mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning soʻzsiz bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni;

mazkur qaror ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning har 15 kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda yetakchi xorijiy konsalting kompaniyasini jalb etgan holda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchiqishloq xoʻjaligi mashinasozligi sohasini 2025-yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin:

ishlab chiqarilayotgan mavjud texnika turlarini optimallashtirish va yangi turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarining byudjet modelini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish hamda respublikada ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun yangi milliy “brend”ni yaratish;

bogʻdorchilik, meva-sabzavotchilik va chorvachilik yoʻnalishida texnika turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va umumiy ishlab chiqarish hajmini oshirish;

oʻrta va uzoq muddatga moʻljallangan eksport ulushini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash va tayyor mahsulot eksportini ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan 2022-yilda 20 foizga, 2025-yilda esa 30 foizga yetkazish;

zamonaviy korporativ boshqarish usullarini, xususan “YERP” avtomatlashtirilgan hisobga olish, “GMS” ishlab chiqarishni boshqarish va “BIQ” sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish;

qishloq xoʻjaligi uchun kichik mexanizatsiya texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish;

mashina-traktor parklarining mavjud texnikalari va boʻsh turgan yer maydonlarini optimallashtirish hamda ularni asosan taʼmirlash va servis xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashtirish.

6. Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etilsin:

2019-2021 yillarda qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan mahalliylashtirish darajasi 20 foizdan kam boʻlmagan holda respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikalari xarid qilinganida texnika narxining 15 foizi miqdorida subsidiya berish;

kombaynlarni xorijda xizmat koʻrsatish (xizmatlar eksporti) uchun tashish transport xarajatlarining 80 foizini kompensatsiya qilish.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bir oy muddatda mazkur qarorning 6-bandida nazarda tutilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda:

mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridlarini kreditlash va ularni lizingga berish tizimini takomillashtirish maqsadida milliy valyutada tijorat banklariga 50 million AQSH dollari ekvivalentida mablagʻlarni joylashtirsin va samarali oʻzlashtirish choralarini koʻrsin;

mazkur qarorning 6-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2019-yil uchun 60 milliard soʻm, keyingi yillarda esa talabga muvofiq zarur mablagʻlarni yoʻnaltirsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi:

2019-2020 yillarda imtiyozli kredit liniyalari hisobidan ekvivalenti 60 million AQSH dollari miqdoridagi milliy valyutaning tijorat banklari orasida ularning buyurtmanomalari asosida mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishni moliyalashtirish uchun ajratilishini;

ikki oy muddatda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga zarur texnikalarni lizing orqali yetkazib berish tizimini takomillashtirish yuzasidan past foizli xorijiy kredit resurslarini jalb qilgan holda aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqilishini taʼminlasin. Bunda barcha lizing korxonalari uchun teng raqobat muhiti yaratilishi taʼminlansin.

10. “Asaka” ATB va “Agrobank” ATBning mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizing va kreditga olishni moliyalashtirish uchun 60 million AQSH dollarimiqdorida xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklarining imtiyozli kredit liniyalarini jalb etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

11. Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi hamda qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga biriktiriladigan kasb-hunar kollejlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, mazkur kasb-hunar kollejlarida:

qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi hamda qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yoʻnalishlari boʻyicha xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazlari ish beruvchilarning buyurtmalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan tashkil etiladi. Bunda xodim aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari yoʻllanmasi asosida ishga qabul qilingan boʻlishi lozim;

kadrlar tayyorlash kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakllarida amalga oshiriladi;

mazkur qaror bilan kasb-hunar kollejlariga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalari bilan birgalikda tegishli kasb-hunar kollejlariga metodik yordam koʻrsatilishini hamda kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari oʻrtasida kelgusi faoliyatini davom ettirish yuzasidan kasbga yoʻnaltirish ishlarini tizimli ravishda tashkil etadi;

kadrlar tayyorlash boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan manfaatdor ish beruvchilar bilan birgalikda har yili 1-martga qadar qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi hamda qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarni aniqlash orqali shakllantiradi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining sohaga oid tegishlikafedralari filiallarini “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalarida tashkil etish;

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalarida kamida 5 yil ish stajiga ega boʻlgan fuqarolarni qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi hamda qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga sirtqi va kechki taʼlim shakllariga suhbat natijalariga koʻra tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish;

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalarining rahbarlik lavozimlariga, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tavsiya etiladigan xorijiy oliy taʼlim muassasasini tugatgan yoki ilmiy darajaga ega nomzodlar orasidan tanlov yoʻli bilan lavozimga tayinlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining tavsiyasiga muvofiq “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tizimi korxonalarida lavozimga tayinlangan professor-oʻqituvchilarning oliy taʼlim muassasasidagi ish joyi va oʻrtacha oylik ish haqini 2 yil davomida saqlab qolish.

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ oʻzining tarkibiga kiruvchi korxonalarda talabalar dars mashgʻulotlari hamda amaliyot oʻtkazish uchun auditoriyalarning tashkil etilishi va ularning darsdan boʻsh vaqtlarida ishlashiga sharoit yaratilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

bir oy muddatda “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sohasida kadrlar buyurtmachilari takliflari va ilgʻor xorijiy tajriba asosida oʻquv reja va fan dasturlarini qayta koʻrib chiqsin hamda tasdiqlasin;

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan birgalikda ikki tomonlama diplom beriladigan qoʻshma dasturlar asosida qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi hamda qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻysin.

14. 2019-yil 1-sentyabrdan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi hamda qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hisobidan:

magistr, doktorant, professor-oʻqituvchi, ilmiy xodim va soha muhandis texnik xodimlari yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga oʻqish va malaka oshirish uchun yuboriladi;

ikki tomonlama diplom beriladigan qoʻshma dastur asosida tahsil olayotgan iqtidorli bakalavr talabalarning xorijiy oliy taʼlim muassasasidagi oʻqish toʻlov kontrakti toʻlab beriladi.

15. Belgilansinki, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning ijro etuvchi apparati tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soniga aksiyadorlar umumiy yigʻilishi qarori bilan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda import qilinadigan va yangi ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun oʻrnatilgan texnik talablarni respublikaning tuproq-iqlim sharoiti va xalqaro standartlar asosida takomillashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Mazkur qarorni amalga oshirish boʻyicha batafsil amaliy tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ:

a) tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilgan holda:

2020-yil 1-martga qadar ichki va tashqi bozorlarda dilerlik tarmogʻini kengaytirish;

mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalariga xizmat koʻrsatuvchi zarur texnikalar bilan jihozlangan va koʻchma xizmat koʻrsatuvchi beshta mintaqaviy servis markazlarini 2019-yil oxirigacha, qolgan hududlarda 2021-yil 1-yanvarga qadar tashkil etsin;

b) 2020-yildan boshlab qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini keng jalb etgan holda “AgroMashExpo” qishloq xoʻjaligi texnikalari xalqaro koʻrgazma-savdosini har yili ikki marotaba oʻtkazishamaliyotini joriy etsin;

v) “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarning xavfsizlik va sifat koʻrsatkichlarini taʼminlaydigan namunaviy tajriba dasturlarini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;

g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 31-iyul

 

O’zA