Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Mamlakatimizda intellektual mulk sohasida, shu jumladan, mazkur sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish boʻyicha islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4168-son qaroriga muvofiq intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va umumeʼtirof etilgan xalqaro normalarni implementatsiya qilishga oid faoliyati qoniqarsiz deb topilganligi sababli Intellektual mulk agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga oʻtkazildi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) ijro etuvchi apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 61 shtat birligidan iborat yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziriga xodimlarning belgilangan cheklangan soni doirasida Agentlikning ijro etuvchi apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, zarur hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Adliya vazirligi) va Agentlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish huquqi berilsin.
2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish;
intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi holatini kompleks tahlil qilish, ushbu sohasini rivojlantirish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqish;
intellektual mulk sohasidagi huquqni qoʻllash amaliyotini izchil va bir xilda taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
intellektual mulk masalalari boʻyicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni, shu jumladan, intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni oʻzaro muhofaza qilish haqidagi xalqaro shartnomalarni tuzish orqali yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash;
intellektual mulk sohasidagi ilmiy-tadqiqot va boshqa ishlarni oʻtkazishda ishtirok etish;
jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Agentlik:
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi;
Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining shartnomalari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
b) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik va uni nazorat qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va Agentlik xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
v) Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va toʻlovlarning 20 foizi miqdoridagi mablagʻlar, Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va toʻlovlarning 80 foizi miqdoridagi mablagʻlar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun amalga oshirilgan toʻlovlar, intellektual mulk sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik uchun qoʻllaniladigan maʼmuriy jarima summalari, qonunchilikka muvofiq pullik xizmatlar koʻrsatishdan tushgan mablagʻlar Agentlikning byudjetdan tashqari jamgʻarmasiga belgilangan tartibda oʻtkaziladi;
g) Agentlikning byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlari Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan va qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladigan xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga asosan Agentlikni saqlab turishga, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish va mustahkamlashga, Agentlik xodimlarining mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishga hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
4. Adliya vazirligi:
a) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Agentlikning byudjetdan tashqari jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish tartibini hamda Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning patent bojlari va toʻlovlaridan oʻrnatilgan tartibda tushadigan mablagʻlarni yoʻnaltirish tartibini belgilashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) ikki hafta muddatda:
mazkur qarorning 3-bandi “v” kichik bandida koʻrsatilgan mablagʻlar kelib tushishining alohida hisobini yuritish uchun tegishli bank va gʻazna shaxsiy hisobvaraqalari ochilishini;
Agentlikning gʻazna shaxsiy hisobvaraqasidagi qoldiq mablagʻlar Agentlikning byudjetdan tashqari jamgʻarmasi shaxsiy hisobvaraqasiga oʻtkazilishini taʼminlasin;
v) ikki oy muddatda Agentlik xodimlarini belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazish orqali Agentlikning intellektual mulk sohasida chuqur bilimlarga hamda amaliy ish tajribasiga ega halol, tartib-intizomli va malakali kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
5. Agentlik faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan Adliya vazirligi va Agentlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar belgilansin.
6. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:
davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatida intellektual mulk sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish;
davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonunbuzilishlar, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish;
intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan maʼmuriy jazo qoʻllash;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda malakali xorijiy mutaxassislarni ularga istisno tariqasida Agentlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xorijiy valyutada ish haqi va boshqa toʻlovlarni belgilagan holda xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilish.
7. Adliya vazirligining hududiy boʻlinmalariga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilishni taʼminlash boʻyicha konsultativ va amaliy koʻmaklashish;
intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofaza qilinishini, mualliflarning va boshqa huquq egalarining huquqlari muhofaza qilinishini taʼminlash boʻyicha, shu jumladan, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, chiqarish, realizatsiya qilishga qarshi kurashishda vakolatli davlat organlariga koʻmaklashish orqali tegishli choralar koʻrish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining intellektual mulk sohasini tartibga solishdagi faoliyatida huquqni qoʻllash amaliyotini izchil va bir xilda taʼminlash;
aholi oʻrtasida intellektual mulk muhofazasi sohasida huquqiy madaniyatni oshirish boʻyicha targʻibot tadbirlarini tashkillashtirish va oʻtkazish.
8. Adliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
“Intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish oʻquv markazi” davlat unitar korxonasini “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi qoshidagi Intellektual mulk konsultativ markazi” davlat unitar korxonasi etib qayta nomlash;
2019/2020 oʻquv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida “Intellektual mulk huquqi” mutaxassisligi boʻyicha yangi magistratura yoʻnalishini ochish va unga bazaviy oliy maʼlumotdan qatʼiy nazar intellektual mulk sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash vazifasini yuklash;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markaziga intellektual mulk sohasidagi kadrlarning malakasini, shu jumladan, pullik asosda oshirish boʻyicha qoʻshimcha vazifa yuklash.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Adliya vazirligi huzurida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri rais hisoblanadigan intellektual mulk obyektlarining huquqiy muhofazasi bilan bogʻliq boʻlgan apellyatsiyalarni sudgacha koʻrib chiquvchi Apellyatsiya kengashi tashkil etiladi;
Apellyatsiya kengashi tarkibiga intellektual mulk sohasidagi mustaqil olimlar va mutaxassislar kiradi;
Apellyatsiya kengashining tarkibida Adliya vazirligi va Agentlik xodimlari soni Apellyatsiya kengashi aʼzolari umumiy sonining oʻttiz foizidan oshmasligi lozim;
b) quyidagi mezonlarga muvofiq keluvchi tovar belgisi va xizmat koʻrsatish belgisi (keyingi oʻrinlarda – tovar belgisi) Oʻzbekiston Respublikasida hammaga maʼlum deb eʼtirof etiladi:
tovar belgisi qoʻllaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi va (yoki) potensial isteʼmolchilari tomonidan yoxud tovar belgisi qoʻllaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi uni tarqatilishini taʼminlashda ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan yoxud tovar belgisi qoʻllaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turiga aloqador boʻlgan ishbilarmonlar doirasi tomonidan tanib olinishi, bunda tovarning sifat darajasi haqida tushuncha mamlakatdagi tovar belgisi bilan bogʻliq boʻlishi kerak;
avvaldan xos boʻlgan yoki faol foydalanish natijasida vujudga kelgan yuqori farqlanish xususiyati;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida, shu jumladan, Internet tarmogʻining milliy segmenti domen nomlari tizimida tovar belgisidan keng foydalanish va uning reklama qilinishi;
respublikada uzoq muddat davomida va faol foydalanish natijasida vujudga kelgan tijorat qiymati;
v) Apellyatsiya kengashi tomonidan qaror qabul qilishda yuqoridagi mezonlar bilan bir qatorda mazkur qarorda aks etmagan ushbu sohadagi xalqaro standartlar, shu jumladan, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining hujjatlariga muvofiq qoʻshimcha mezonlar inobatga olinishi mumkin.
10. Agentlik Toshkent shahri, Mustaqillik shoh koʻchasi, 59-uyga begʻaraz foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
14. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 1-iyul