Prezidentimiz Shahrisabz shahrining tarixiy markazida joylashgan “Dorut tilovat” majmuasini ziyorat qildi

Taomilga binoan o‘tganlar xotirasi yod etilib, Qur’on tilovat qilindi.

“Dorut tilovat” majmuasi Ko‘k gumbaz masjidi, Shayx Shamsiddin Kulol, Gumbazi Sayidon maqbaralari va hujralardan iborat bo‘lib, ular, asosan, XIV asr oxiri XV asrning birinchi yarmida bunyod etilgan. “Dorut tilovat” so‘zi “Qur’on o‘qiladigan yoki tilovat qilinadigan joy” ma’nosini anglatadi.

Ko‘k gumbaz masjidi buyuk olim va davlat arbobi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tomonidan 1434-1435-yillarda qurilgan. Mirzo Ulug‘bek masjidni otasi Shoxrux nomidan bobosi Amir Temur sharafiga bunyod etgan. Kirish peshtoqining ravog‘ida ularning nomlari va qurilish sanasi bitilgan.

Shayx Shamsiddin Kulol maqbarasi XIV asr oxirida barpo etilgan. Shayx Shamsiddin Kulol al Foxuriy Amir Temur hamda uning otasi Tarag‘ay Bahodirning ustozi va piridir. U 1370-yilda vafot etgan. Amir Temur ustozi qabri ustiga maqbara qurdirgan.

Gumbazi Sayidon maqbarasi 1437-yilda Mirzo Ulug‘bek farmoni bilan qurilgan. Maqbara ichida XV-XVII asrlarga oid bir nechta qabr toshlari bor. Bu qabr toshlar termizlik sayidlarga tegishli bo‘lib, bir-biridan katta-kichik holatda joylashtirib qo‘yilgan. Ma’lumki, sayidlar Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) avlodidan bo‘lib, ulug‘ zotlar hisoblanadi. Shuning uchun ham maqbaraning nomi Gumbazi Sayidon, ya’ni Sayidlar gumbazi deb nom olgan.

Ulamolar bilan muloqotda xalqimiz faravonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi.

 

Umar Asrorov, O‘zA