Bugun mamlakatimizda “Yashil energiyadan” foydalanish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joylarda quyosh panellari o‘rnatilishi hamda “Yashil energiya” axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar bojxona xodimlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari hududdagi oilaviy korxonalardan biriga o‘rnatilgan 80 kVt quvvatli quyosh panellari samarasini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur muqobil energiya manbalari tomonidan bugungi kunga qadar 6 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqarilib, tadbirkorning o‘z ehtiyojini qanoatlantirishga hamda ortgan qismining tarmoqqa sotilib, daromad olishiga zamin yaratgan.

Ishchi guruh o‘rganishlar davomida Qo‘ng‘irot tumanida joylashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish klinikasiga o‘rnatilgan 50 kVt, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasidagi 40 kVt quyosh panellarining ishchi holati ko‘zdan kechirildi. Elektr energiyasi ishlab chiqarishda quyosh panellaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘ygan mazkur tadbirkorning korxonasiga tegishli bo‘lgan binoda yana 90kVt quvvatdagi quyosh panellarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasida joriy yil boshidan 4 ming 220 ta ob’ektga 25,22 MVt quyosh paneli o‘rnatilganligi bojxona xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilib, “Yashil energiya” axborot tizimida tasdiqlandi. Shundan, “Ijtimoiy soha” yo‘nalishida 266 ta ijtimoiy soha ob’ektlariga 3,30 MVt, 1 ming 725 ta tadbirkorlik sub’ektiga 13,27 MVt va 2 ming 212 ta aholi yashash xonadoniga 8,5 MVt quyosh panellari o‘rnatildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri