O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Kan Chje Kvonni mamlakatimizdagi diplomatik missiyasi yakunlangani munosabati bilan qabul qildi.

Vazir elchining ikki tomonlama do‘stlik va alohida strategik sheriklik munosabatini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini e’tirof etdi.

– Janob Kan Chje Kvonning O‘zbekistondagi elchilik faoliyati juda qizg‘in kechdi, – dedi A.Komilov. – O‘tgan davr mobaynida davlatlarimiz rahbarlarining turli shakldagi uchrashuvlardan tortib, hukumatlar, vazirlik, idoralar, parlamentlar o‘rtasidagi sheriklik avval misli ko‘rilmagan yuqori bosqichga ko‘tarildi. Tashqi ishlar vazirlarining doimiy va sermazmun muloqotini alohida ta’kidlab o‘tishim kerak. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, sog‘liqni saqlash tizimi vakillarining uchrashuvlari ham muntazam tus oldi. O‘zbekiston va Koreya xalqlarining tarixan yaqinligi keyingi yillarda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligimiz izchillik kasb etib, tobora mustahkamlanishida namoyon bo‘lmoqda. Eng muhimi, oliy darajadagi tashriflar, muloqotlar davomida erishilgan kelishuvlar bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti.

Koreya elchisi o‘z navbatida faoliyati mobaynida O‘zbekistonda ishlashdek baxt nasib etganidan behad mamnunligini izhor etdi.

– Diplomatlar orasida “Elchining xet-trigi”, degan norasmiy bir tushuncha bor, deydi Kan Chje Kvon. – Ushbu maqomga aynan O‘zbekistonda erishganimdan juda xursandman. Ya’ni, mening elchilik davrimda mamlakatlarimiz o‘rtasida jamiyatning eng yuqori uch bo‘g‘ini darajasida – Davlat yetakchilarining oliy darajadagi o‘zaro uchrashuvlari, parlamentlar hamda Oliy sud tizimi rahbarlari ishtirokidagi ikki tomonlama muloqotlar tashkil etildi. Asosiysi, O‘zbekiston – Koreya munosabatlarining rivojlanish jarayoni aniq natijalarda aks etmoqda.

Suhbat chog‘ida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda davom etish, bo‘lajak tadbirlar jadvalini takomillashtirish va tomonlarni qiziqtirgan turli sohalarda o‘zaro hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Elchi O‘zbekistonda o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yaratilgan qulay sharoit va ko‘rsatilgan ko‘mak uchun O‘zbekiston tomoniga chuqur minnatdorlik bildirdi.

G‘ayrat XONNAZAROV, O‘zA