Keyingi paytlarda ko‘pchilik “dekret” puli miqdori, takroriy dekretga chiqish, “dekret” ta’tili necha kun davom etishi xususida qiziqish bildirmoqda. Bu borada faqatgina ishonchli manba yoki ishonchli mutaxassis orqali berilgan ma’lumotlarga tayangan ma’qul.

“Dekret” puli va homiladorlik ta’tiliga bog‘liq savollarimizga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinovdan javob oldik.

– Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun qanday hujjat asos bo‘ladi? 

– Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqani tayinlash va to‘lash uchun belgilangan tartibda berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi. Agar ushbu mehnatga layoqatsizlik varaqasi yo‘qolgan hollarda nafaqa uning o‘rniga takroriy berilgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi (dublikat) asosida beriladi. Ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

– Homila tushgan hollarda ham ushbu nafaqa to‘lanadimi? 

– Ha, albatta. Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa (shu jumladan, homila tushgan hollarda) vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha davr uchun to‘lanadi.

– “Dekret” puli qanday hisoblanadi?

– Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik yoki homiladorlik ta’tili boshlangan oydan oldingi 12 oy davrida olgan va sug‘urta badallari chegirilgan barcha mukofotlarning 1/12 qismi nafaqa hisoblab chiqariladigan oylik ish haqiga qo‘shilib, o‘rtacha oylik ish haqi miqdori aniqlanadi.

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili uchun nafaqani hisoblashda xodimning korxonada ishlagan davrda olgan har qanday to‘lovlari hisobga olinishi lozim. Ya’ni xodim dekretga chiqishidan oldingi 12 oylik davrdan boshlab dekretga chiqqan oyidan oldingi oylarda berilgan to‘lovlar hisoblanadi.

– Bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lgan davr umumiy ish stajiga qo‘shiladimi? 

– Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugaganidan keyin ayolning xohishiga ko‘ra, unga bolasi ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til berilib, bu davrda qonunchilikda belgilangan tartibda nafaqa to‘lanadi. Ayolga, uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ish haqi saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til ham beriladi.

E’tibor berish kerakki, bolani parvarishlash ta’tillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu ta’tillar mehnat stajiga lekin hammasini jamlaganda ko‘pi bilan uch yil, shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha ish stajiga ham qo‘shiladi.

– “Dekret” puli miqdori qancha?

– Homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqa miqdori ayol ishga qabul qilingan kundan boshlab amalda ishlangan vaqtiga qarab tabaqalashtirilgan. Xususan, 6 oygacha  o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, 6 dan 12 oygacha 75 foizi, 12 oydan ortiq bo‘lsa 100 foiz belgilanadi.

– Ayol bolani parvarishlash ta’tili paytida yoxud u tugagandan keyin ko‘p o‘tmay (1 yil davomida) yana homilador bo‘lgan bo‘lsa, takroriy dekretga chiqish mumkinmi? 

 Xodim yillik (asosiy va qo‘shimcha) ta’tilda va bolani parvarishlash uchun ta’tilda bo‘lgan vaqtda homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha ta’til berilganda, nafaqa homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha ta’tilning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasida ko‘rsatilgan barcha kunlari uchun beriladi. Ushbu qoidaga ko‘ra xodim dekretdan dekretga chiqishi mumkin.

O‘za muxbiri 

Gulnoza Boboyeva 

suhbatlashdi