O‘zbekiston elchisi Ulug‘bek Maqsudov Saudiya Arabistoni Milliy rivojlanish kompaniyasi bosh direktori Nosir bin Hammad al-Jaiydiy bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasida ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ularga taqdim etilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil so‘zlab berildi. Suhbatdoshlar O‘zbekistonda o‘z faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan saudiyalik investorlar sonining ortib borayotgani ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalar rivojiga salmoqli hissa qo‘shayotganini qayd etdi.

Nosir al-Jaiydiy O‘zbekistonni jug‘rofiy jihatdan qulay hududda joylashgani xorijiy investorlar uchun juda muhim ekanini ta’kidladi. U respublika rahbariyati tomonidan mamlakatda ishlash niyatida bo‘lgan xorijiy investorlar uchun yaratib berilgan imkoniyatlarni yuqori baholadi.

– O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotlar sifat jihatidan ajralib turadi, – dedi Nosir al-Jaiydiy. – Bu xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishda muhim o‘rin tutadi. Bizning kompaniyada ham O‘zbekiston bilan sog‘liqni saqlash, ta’lim, kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa bir qator sohalarda hamkorlik qilish istagi mavjud.

Muzokaralar yakunida Saudiya Arabistoni Milliy rivojlanish kompaniyasi boshqaruv kengashining navbatdagi majlisida elchixona vakillari tomonidan O‘zbekiston, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridagi investitsion loyihalarining taqdimotini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.

O‘zA