FOTOREPORTAJ

Nukus shahridagi “KUSHMAG” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zamonaviy eshik va temir darvozalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Korxona mahsulotlariga aholi hamda korxona va tashkilotlar tomonidan talab yuqori. Buyurtma asosida mahsulotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashqari, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga yetkazib berilmoqda.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati uchun katta imtiyozlar berilmoqda, – deydi MCHJ rahbari Marat Komekov. – Biz, tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, soliq to‘lashda ham yengilliklar yaratildi. Bu faoliyatimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

So‘nggi 4-5 yil ichida mazkur korxona sexlari zamonaviy uskunalar hamda asbob-anjomlar bilan ta’minlandi. Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati va turi yanada ortdi. Bundan tashqari, korxonada mehnat qilayotgan ishchilarning ijtimoiy ahvoli va oylik maoshi yaxshilandi. 2012 yili 2 kishi bilan faoliyat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, ayni paytda bu yerda 60 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda.
Kelgusida korxona mahsulotlarni yangicha zamonaviy avtomatlashtirilgan konveyer usulida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishchilar sonini ko‘paytirish va ekspertni amalga oshirish rejalashtirgan.

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA