IIV Akademiyasida Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Turkiya politsiya akademiyasi vakillari tomonidan seminar-trening mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Dastlab delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zaro tajriba almashinuvini kengaytirish, kadrlar tayyorlash jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish, professor-o‘qituvchilar va kursantlarning malakasini oshirishda o‘zaro yordam tamoyili asosida mashg‘ulotlar tashkil qilish, xalqaro terrorizm, kiberxavfsizlik va jinoyatchilikka qarshi kurashishda Turkiyaning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish masasalari yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar azaliy qardoshlik va birodarlik rishtalari asosida zamonaviy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlari, jumladan, ta’lim sohasida ham izchil ravnaq topmoqda. IIV Akademiyasining istiqboldagi “yo‘l xaritasi”da Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish  rejalashtirilgan.

Turkiya politsiya akademiyasi professori Shenol Yaprakning e’tirof etishicha, global tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish, mintaqaviy hamda xalqaro masalalarni hal etishda har ikki mamlakat bir-birini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan. Hamkorlik aloqalarining bugungi holati ikki tomon uchun ham mushtarak manfaatlarga xizmat qilmoqda.

Shu kunning o‘zida mehmonlar tomonidan Akademiya professor-o‘qituvchilari uchun “Politsiya tizimida samarali muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish” hamda “Terrorizmga olib keluvchi radikallashuv jarayonining oldini olishni boshqarish” mavzularida seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Malaka oshirish kurslari joriy yilning 11 fevraliga qadar davom etishi ko‘zda tutilgan.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati