Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh direktori Dilshod Sattorov ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, mahsulot, jarayon, xizmat ko‘rsatish masalalarida iste’molchilar va davlat huquqlarini himoya qilish, mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish, savdoda texnik to‘siqlarni bartaraf etish respublika iqtisodiyoti rivojining ustuvor vazifalari hisoblanadi. Rivojlangan davlatlar tajribasi yuqoridagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishda standartlarni ixtiyoriylik tusida qo‘llash mexanizmidan foydalanish yuqori samara berganligini ko‘rsatmoqda.

bugungi kunda standartlarni ishlab chiqishda manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lib, standartlarni qabul qilishda betaraflik va xolislik ta’minlanishining qonuniy asoslari yaratilmagan.

Sohadagi manfaatdor idoralarning vazifalari va vakolatlari to‘liq ochib berilmagani hamda standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalarning vakolatlari qonunchilik bilan tartibga solinmagani sababli standartlarni qabul qilishda konsensusga erishish imkoni mavjud emas.

Shundan kelib chiqib, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda standartlashtirish sohasida manfaatdor tomonlarning o‘zaro munosabatlarini aniqlashtirish, jahon bozorida tovar ayirboshlashdagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, ilmiy-texnik taraqqiyot jarayoniga ko‘maklashish va standartlashtirish sohalarida hamkorlik qilish hamda standartlarni ishlab chiqish va joriy etishda davlat aralashuvini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Mahsulotlar (xizmatlar) va jarayonlarning sifati hamda ularning texnik muvofiqligini oshirish masalalarida iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish, standartlashtirish sohasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Standartlashtirish bo‘yicha milliy organning, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining, standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar, ularning huquqlari va majburiyatlari ko‘zda tutilmoqda.

Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida standartlashtirish tizimi xalqaro amaliyot bilan uyg‘unlashtiriladi. Bunda mahsulotlar (xizmatlar) va jarayonlarning sifati, ularning tashqi bozorda raqobatbardoshligini oshishiga erishiladi. Shuningdek, qonun loyihasida ko‘zda tutilgan normalar sifatsiz mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va amaliyotda foydalanilishining oldini oladi, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini himoyalashga, fuqarolar, jamiyat va davlatning sifatli mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltirilgan huquqiy normalarning samarali ishlashiga asos bo‘ladi.

Bu o‘z navbatida, mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik to‘siqlarni bartaraf etgan holda, respublika eksport salohiyatini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning jahon bozorida o‘z o‘rnini topishiga imkoniyat yaratadi.

Majlisda deputatlar qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar bildirib, uni konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qildilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA