“O‘zsuvta’minot” AJ “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” mavjudligini tasdiqlovchi xalqaro ISO 37001:2016 va “Sifat menejment tizimi” mavjudligini tasdiqlovchi xalqaro ISO 9001:2015 sertifikatlariga ega bo‘ldi.

bugungi kunda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan sohada korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish va chek qo‘yishga oid keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishda bir qator xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlik ham yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan talablar asosida aksiyadorlik jamiyatida kompleans nazorat tizimi tashkil etilgan. bugungi kunda bunday nazorat Jamiyatning 17 ta tizim tashkilotlarida ham joriy etilgan.

– “CERT International” xalqaro sertifikatlashtirish organi tomonidan mazkur sertifikatlar o‘z-o‘zidan berilgani yo‘q, – deydi «O‘zsuvta’minot» AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov. – Korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan 30 dan ortiq ichki me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bundan tashqari, Jamiyat va uning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirish maqsadida o‘tgan yilda huquq-tartibot organlari xodimlari ishtirokida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi. Bu xalqaro e’tirof etilgan sertifikatlar korxonamizning investitsion jozibadorligini oshirib, xalqaro moliya institutlarining bizga bo‘lgan ishonchi kuchayishiga xizmat qiladi.

“CERT International” kompaniyasi xalqaro auditori Riad Ibragimov sertifikatlarni topshirar ekan, so‘nggi yillarda suv ta’minoti sohasida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berganini, korrupsiyaga qarshi kurashishda ham natijalarga erishilayotganini, bu esa, o‘z navbatida suv ta’minoti korxonalari va iste’molchilar o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanishiga turtki bo‘layotganini qayd etdi.

Aksiyadorlik jamiyatiga ushbu sertifikatlarning topshirilishi suv ta’minoti sohasida korrupsiyaning oldini olish choralari ko‘rilayotganidan, tizimda ochiqlik va shaffoflik ta’minlanayotganidan dalolat beradi.

O‘zA