Prezidentimizning 2022 yil 29 yanvardagi «Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning rolini yanada kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi.

Mazkur qaror mazmun-mohiyatini o‘rganish va undan kelib chiqadigan vazifalarni belgilab olish borasida qator tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan seminarda mazkur qaror mazmun-mohiyati xususida so‘z bordi, unda belgilangan ustuvor vazifalarning amalda ishlashini ta’minlashdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, ushbu qarorga muvofiq, davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish maqsadida bir qator tartiblar joriy etilmoqda. Xususan, hujjatga binoan ma’muriy sudlarga dalillarni yig‘ish majburiyati yuklanadi, huquqi buzilganlarga esa dalillarni yig‘ishda faqat o‘z imkoniyatidan foydalanish sharoiti yaratiladi. Davlat organlari qarorlari natijasida yetkazilgan zararni undirish talabini ham ma’muriy sudga bildirish huquqi beriladi. Ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari tomonidan ijro qilinmaganda esa ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalari qo‘llanadi.

— Prezidentimizning mazkur qarori sohadagi munosabatlarni tartibga solishda muhim o‘rin tutadi, — deydi qo‘mita a’zosi Muxtabar Husanova. — Qarordagi yana bir muhim yangilik — endilikda arizalarni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli rad etish yoki ish yuritishni tugatish taqiqlanadi. Arizalar sudga taalluqli bo‘lmaganda, ularni ko‘rib chiqish vakolatli sudga o‘tkaziladi. Qolaversa, bir sud ishi doirasida ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik sudiga taalluqli bo‘lganda ularni birlashtirish taqiqlanadi.

Seminarda so‘z olganlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa, ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish lozimligini, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish zarurligini, jamiyatda ma’muriy sudlarga bo‘lgan ishonchni yanada oshirish maqsadida davlat organlari tomonidan sud qarorlarining ijro etilishi ustidan sud nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish kerakligini ta’kidladilar.

Seminarda bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhtarama Komilova, Yoqub Meliboyev (foto), O‘zA