Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan IIB bilan tezkor tadbir o‘tkazilgan.Unda fuqarolar S.M. va J.B.lar oldindan til biriktirib, “D.S.” hamda “A.S.” fermer xo‘jaliklariga qishloq xo‘jaligi faoliyati uchun ajratilgan 1,2 gektar yer maydonini G.ga go‘yoki bo‘sh joyligini aytib, 4 sotixini 200 mln. so‘mga sotishga kelishgan. Shu tariqa ular oldindan 10 mln. so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departament va DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmalari IIV bilan o‘tkazgan tezkor tadbirda fuqaro R.D. I.ga tanishlari yordamida Nukus shahri, “Do‘stlik” kanali bo‘yidan 5 000 AQSH dollari evaziga 6 sotix yer maydoni olib berishni va’da qilib, oldindan 20 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro T.D. Karmana tumani, “Bog‘ishamol” MFY hududidagi tanishi A.ga tegishli 6 sotix yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan fuqaro N.ga sotishga kelishib, keyinchalik tanishlari orqali hokim qarorini chiqartirib berishini va’da qiladi. So‘ng xaridorga qalbaki hujjatlarni berib, evaziga 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Sitora NARZULLAEVA