Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida mahallalardagi yoshlar yetakchilarining madaniyat va san’atni targ‘ib qilish, sport, informatsion texnologiyalar, kitobxonlik, harbiy vatanparvarlik va yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida belgilangan asosiy vazifalarini namunaviy tarzda tashkil etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan tuman hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda hududdagi 49 mahallada faoliyatini boshlagan yoshlar yetakchilari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, 2022 yilning 19 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarordan ko‘zlangan maqsad, mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtlarini foydali tashkil etish, ularning muammolarini yaqindan o‘rganish, yoshlar hayoti bilan yanada yaqinlashishdan iboratdir.

Bu borada mahallalarda tashkil etilgan yoshlar yetakchilarining o‘rni alohida. Yetakchilarga yoshlar bilan yaqindan ishlash, yoshlarni yanada kengroq qamrab olish, sport, madaniyat va boshqa sohalarda ularga yo‘l-yo‘riq va amaliy ko‘mak ko‘rsatish vazifasi yuklatilgan. Ular tomonidan mahallalarda qator tadbir va musobaqalar tashkil etilmoqda.

Tadbirlar tumandagi “Boy ovul” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport zalida mahalladagi yoshlar o‘rtasida shaxmat va stol tennisi musobaqalari bilan boshlandi. Aqliy, jismoniy salohiyat talab etuvchi musobaqalarda jami 100 nafardan ortiq sportsevar yosh ishtirok etdi.

Shu hududda joylashgan tuman madaniyat markazida salohiyatli yoshlar uchun “Zakovat” intellektual turnirining “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” bo‘lib o‘tdi. Kuchli bilim, keng dunyoqarash, mantiqiy fikrlash singari xislatlarga ega bo‘lishni talab qiluvchi turnirda 300 nafarga yaqin uyushmagan yosh ishtirok etdi. Shuningdek, biznesga qiziquvchi yoshlar uchun mutaxassislar ishtirokida “Mahorat darsi” tashkil etildi. Unda mutaxassislar yoshlarga biznesni qanday boshlash, yuritish, qiyinchiliklarni, to‘siqlarni yengish bo‘yicha zarur ma’lumotlar berib o‘tdi.

“Sog‘lom ona-sog‘lom bola” shiorini ilgari surgan holda tumandagi “Chayko‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 22-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport zalida qizlar o‘rtasida voleybol  bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.

Tumandagi raqamli texnologiyalar markazida robototexnika, IT sohalariga qiziquvchi yoshlar uchun “Mahorat darsi” tashkil etildi. Ushbu mahorat darsida yoshlar texnologiya olami haqidagi qator yangiliklar va ma’lumotlar bilan tanishdi.

– Hududimizda 3643 nafar aholi istiqomat qilsa, shundan 1650 nafarini 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh tashkil etadi, – deydi  tumandagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Dilmurat Yadgorov. – Maqsad mahallalarda yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishda o‘zaro tajriba almashish hisoblanadi.

Tumanning “Qipchoq” ovul fuqarolar yig‘ini hududida “Hokim va yoshlar” uchrashuvida tuman hokimligi, sektorlar va barcha mutasaddi idoralar rahbarlari, mahallalarga tayinlangan hokim yordamchilari, band bo‘lmagan, uyushmagan yoshlar ishtirok etdi. Ochiq muloqotda ishtirokchilar o‘zlarining muammolari, fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdi. Yoshlar tomonidan ko‘plab sohalar rivoji uchun foydali rejalar, g‘oyalarilgari surildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA