O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) besh yilga mo‘ljallangan 10 mln. dollarlik yangi dasturni ishga tushirdi.

Mazkur dastur joriy yilning yanvar oyida boshlangan bo‘lib, maktablarning 8-11-sinf o‘quvchilariga O‘zbekiston iqtisodiyotida malakali ishchi yoki tadbirkor sifatida ishlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkonini beradi.

Dastur maktab va maktabdan tashqarida o‘quvchilarning maktabni bitirganlaridan so‘ng, ishga muvaffaqiyatli o‘tishini ta’minlaydi. Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari tomonidan amalga oshirilayotgan dastur qizlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning ish joylaridagi o‘rinlarini yanada oshirishga va ularning salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan.
Amerika kengashlari ushbu tashabbusning barcha jabhalarida USAIDning ta’lim bo‘yicha asosiy hamkori — Xalq ta’limi vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Shuningdek, dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun xalqaro va mahalliy tashkilotlar jamoasi loyihaga jalb qilinadi. Yoshlar mehnat resurslarini rivojlantirish va tadbirkorlik sohasida global darajadagi tajribaga ega bo‘lgan texnik hamkor sifatida – “World Learning” xalqaro tashkiloti xizmatlaridan foydalaniladi.

Loyihaning besh yili davomida Amerika kengashlari mehnat bozorining o‘ziga xos ehtiyojlarini tushunish, natijalarni monitoring qilish va ularni baholash, ayol va qizlar va nogironligi bor shaxslarning mehnat bozoriga jalb etilishini ta’minlash uchun mahalliy ekspertlar bilan ishlaydi. Shuningdek, maslahatchi va murabbiy sifatida jalb etiladigan va amaliyot o‘tash joylarini ta’minlaydigan kompaniyalar va xususiy sektor bilan ishlashda davlat idoralariga ko‘maklashadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA