Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillik organlarining aholiga eng yaqin bo‘g‘ini sifatida odamlarni qiynayotgan masalalarni, hududlardagi mavjud muammolarni yaqindan biladi. Shu bois ham mahalliy Kengashlar va Kengash deputatlari zimmasiga yanada zalvorli vazifa va mas’uliyat yuklanadi.

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi o‘z mazmun-mohiyati bilan  inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish ko‘zlangan muhim va dasturilamal hujjat hisoblanadi. Mazkur hujjatda xalq deputatlari Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylantirish borasida qator maqsad-vazifalar o‘z ifodasini topgan.

Xususan, xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish va ularning vakolatlarini kengaytirish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish vazifasi belgilangan.

Ta’kidlash joizki, ayni paytda xalq deputatlari viloyat, tuman va Kengashlariga saylangan deputatlar o‘zlarining asosiy ish faoliyatlaridan ajralmagan holda faoliyat yuritadi. Ko‘p yillardan buyon mahalliy Kengash deputatlari hamda siyosiy partiyalar tomonidan deputatlarning oylik-maosh to‘langan holda doimiy asosda faoliyat yuritishini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirilar edi. Taraqqiyot strategiyasida bu borada aniq vazifalarning belgilangani, ya’ni xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusi shakllantirilishi ularning ish faoliyatida yanada samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.

— 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz ravnaqiga qaratilgan qator yuksak maqsad va marralar ko‘zlangani bilan e’tiborga molik, — deydi xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashi deputati  Vasila Fayziyeva. — Jumladan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mavqeini yuksaltirish, mahallalardagi muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirish va nazorat qilish bo‘yicha vazifalar biz deputatlarning mas’uliyatini yanada oshiradi. Biz mahallalar bilan ishlashda yanada faolroq bo‘lishimiz, mahallalarda joriy etilgan hokim yordamchilari bilan muntazam aloqada bo‘lib, joylardagi muammolarni birgalikda hal etish choralarini ko‘rishimiz lozim.

Yana shu o‘rinda ta’kidlash joizki, xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusi shakllantirilishi xalq vakilining chalg‘imasdan, faqat odamlar dardu tashvishi bilan yashashiga, doimiy tarzda deputatlik vakolati doirasidagi ishlar bilan shug‘ullanishiga zamin bo‘ladi. Bundan tashqari, xalq deputatlari Kengashlarining Oliy Majlis Senati bilan aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan vazifalar joylardagi dolzarb muammolarni parlament va senatorlar ko‘magida hal etish imkoniyatlarimizni kengaytiradi. Shu ma’noda Taraqqiyot strategiyasida belgilangan bu boradagi maqsad-vazifalarni mamnuniyat bilan qabul qildik.

Darhaqiqat, Taraqqiyot strategiyasida mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish, mahallalarning joylardagi vakillik organlari bilan, xalq deputatlari Kengashlarining Oliy Majlis Senati bilan aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha belgilangan vazifalar joylardagi muammolarni bartaraf etish, odamlarni qiynayotgan masalalarga tezroq yechim topishda muhim o‘rin tutadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA