O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida “Davlat – inson uchun” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Mamlakatimizning keyingi 5 yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining birinchi ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha elektron davlat xizmatlarining ulushini amaldagi 54 foizdan 100 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu bilan ortiqcha sarsongarchiliklarga chek qo‘yiladi, fuqarolarga qulaylik yaratiladi, qolaversa, jamoatchilik fikrini muntazam va ilmiy asoslangan holda tizimli o‘rganish yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur hujjatda Sotsiologiya institutini tashkil etish belgilangan. Ushbu institutning mas’ullaridan biri, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov institutning vazifalari xususida so‘zlab berdi.

– Jamiyatni qanday masalalar qiynayapti, odamlarning ongi qanday o‘zgaryapti, bular bizning eng asosiy masalalarimiz. Bizga mana shu jihatlarni doimiy tadqiqot qilish va davlat siyosatini shakllantirishda doimiy aloqani o‘rnatuvchi institut kerak. Bu bo‘yicha davlatimiz rahbari kengaytirilgan yig‘ilishda ham aytdi va hozirda ishlar boshlab yuborilgan.

Jamoat fikrini o‘rganish bazasida O‘zbekiston Respublikasida birinchi marta Sotsiologiya instituti tashkil etiladi. Bu institut amalga oshirayotgan islohotlarimizning odamlarda qanday taassurotlar uyg‘otayotgani, ulardan qanday qoniqish hosil qilayotganini o‘rganadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA