Joriy yilning 28 yanvar kuni «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida» qaror qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan pensiya va ish haqini oshirish, monopoliyaga barham berish, QQSni kamaytirish, nafaqa va moddiy yordam to‘lash, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish va boshqa chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2026 yilgacha fuqarolar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4 sinf o‘quvchilarini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bepul ovqat (nonushta yoki tushlik) bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi;

— 2023 yil 1 yanvardan boshlab, pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobarigacha oshirildi;

— Mahalla hududida davlat-xususiy sheriklik asosida sport va madaniy inshootlar, ijodiy klublar, bandlikka ko‘maklashish va o‘qitish markazlari, tadbirkorlik ob’ektlari kabi infratuzilmani yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi;

— 2022 yil 1 apreldan boshlab nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga farzandlarini yuborayotgan ota-onalarning oyiga 3 mln. so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi;

— 2022 yilda iqtidorli o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqlarini malaka toifasiga qarab tabaqalashtirilgan holda oshiriladi;

— 2022 yilda yillik inflyatsiya darajasini 9 foizgacha va 2023 yilda 5 foiz hamda fiskal taqchillikni 3 foizgacha pasaytirish choralari ko‘riladi;

— 2023 yildan QQS stavkasi 12 foizgacha hamda bank, moliya va telekommunikatsiya kabi tadbirkorlik yo‘nalishlarida foyda solig‘i stavkasi 15 foizgacha tushiriladi;

— 2022 yil 1 aprelga qadar tadbirkorlik sub’ektlarida masofaviy (onlayn) faoliyat ko‘rsatish imkoniyatlarining mavjudligidan hamda ularning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlarni olish tartib-taomillari quyidagilarni inobatga olgan holda soddalashtiriladi;

— Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor uchun keng yo‘l ochish maqsadida eksklyuziv huquqlarni bekor qilish va davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish hisobiga 25 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha monopoliyalar tugatiladi;

— «Fuqarolarning raqamli pasporti» loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan tug‘ilganlik to‘g‘risida va haydovchilik guvohnomalari, shahodatnoma va diplom kabi muayyan faktni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyoti bekor qilinib, keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini soddalashtirish va ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi;

— Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatiladi;

— Yo‘l infratuzilmasi xalqaro standartlarga moslashtiriladi, harakatni boshqarish tizimi raqamlashtiriladi, barcha ishtirokchilarning yo‘llarda xavfsiz harakatlanishi uchun shart-sharoit yaratiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA