Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy mahorati va malakasini oshirish davlat xizmatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni ijrosi, kadrlar malakasini oshirishdagi xorij tajribasi va uni Jizzax viloyatida qo‘llash masalalari yuzasidan O‘zA muxbiri Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali rahbari Erkin Xalbo‘tayev bilan suhbatlashdi.

– Ushbu farmon bilan belgilangan vazifalarni to‘la-to‘kis bajarish uchun joylarda imkoniyatlar va shart-sharoitlar yetarlimi, mazkur yo‘nalishdagi xorijiy tajribalarning qaysi jihatlarini O‘zbekiston sharoitida qo‘llash va amalga oshirish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaysiz?

– Prezidentimizning 2019 yil 3 oktyabrdagi farmoniga asosan davlat fuqarolik xizmatchilarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, yangi kompetensiyalarga o‘rgatishni tashkil etishda davlat organlari va tashkilotlari davlat fuqarolik xizmatchilarining ishlab chiqarishdan ajralgan holda har yili qisqa muddatli 30 soatdan 60 soatgacha bo‘lgan malaka oshirish kurslaridan o‘tishini ta’minlashi shartligi qat’iyan belgilab qo‘yilgan.

Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish, birinchi navbatda tinglovchilarning maqsad va auditoriyasi, malaka oshirish shakllari va usullari, malaka oshirish dasturlari hamda malaka oshirishni amalga oshiruvchi tashkilotlarni tahlil qilish kerak bo‘ladi. bugungi kunda davlat fuqarolik xizmatchilari malakasini oshirishni tashkil etishda rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribasini tahlil qilish va qo‘llash bo‘yicha o‘quv-amaliy dasturlar ishlab chiqilishi dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Rivojlangan malakatlarda davlat fuqarolik xizmatchilarining malaka oshirish tizimini tahlil qiladigan bo‘lsak, Fransiyada davlat xizmatchilarining malakasini oshirish va ularni tayyorlash “uzluksiz kasbiy tayyorgarlik” tushunchasi bilan belgilanadi. Davlat xizmatchisini tayyorlash birinchi lavozimga kirishdan boshlanadi va butun faoliyati davomida malaka oshirish shaklida davom etishini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Davlat xizmatchilarining malakasini oshirish tizimiga quyidagilar: rag‘batlantirish bilan bog‘liq treninglar, malaka oshirish kurslari, davlat xizmatidan zaxiraga vaqtincha o‘tkazish yoki muhim ilmiy ishlanmalar uchun ta’til berish kabilar kiradi.

Fransiyada kadrlarni tanlashda keng qamrovli tayyorgarlikdan o‘tgan, shu jumladan, boshqaruvchi, ma’lum bir sohada chuqur bilimga ega bo‘lgan xodimlarga ustunlik beriladi. Mansab pog‘onalarida ko‘tarilishida 20 ballik shkala bo‘yicha sertifikatlash paytida bevosita rahbar tomonidan beriladigan kasbiy fazilatlarni baholash asosida amalga oshirib boriladi.

Bu davlatdagi har bir vazirlik qoshida malaka oshirish kurslari mavjud, shuning uchun har bir mansabdor shaxs o‘z bo‘limida zarur kasbiy bilimlarni olgan holda o‘qitiladi. O‘quv jarayonida nazariy materiallar amaliyot bilan uyg‘unlashtiriladi, davlat apparatining turli organlarida stajirovkalar o‘tkaziladi.

– Yevropaning boshqa davlatlarida, aytaylik, Germaniyada bu masalaga qanday e’tibor qaratilgan? 

– Germaniya Federativ Respublikasida uzluksiz ta’lim davlat xizmatida lavozimlar pog‘onasida ko‘tarilishi uchun zaruriy shart ekanligi belgilab qo‘yilgan. Germaniyada davlat xizmatchilarining boshlang‘ich tayyorgarligi bilan shug‘ullanadigan universitetlar bilan bir qatorda o‘quv muassasalari mavjud bo‘lib, ularda ishlayotgan mansabdor shaxslar malaka oshirish maxsus kurslaridan o‘tishi shart. U yerda malaka oshirish kurslari tegishli faoliyat turlari bo‘yicha o‘tkazilib, masalan, iqtisodchilar yuridik fanlar bo‘yicha, huquqshunoslar esa aksincha, iqtisod bo‘yicha malaka oshiradi va hokazo. Rahbarlik lavozimlarida endigina ish boshlayotgan mansabdor shaxslar uchun ham maxsus kurslar tashkil etilgan.

Shuningdek, o‘quv faoliyati davomida ularga kerak bo‘ladigan ko‘nikmalar: muloqotlar, jamoada ishlash qobiliyati va tizimli fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan kurslar tashkil etiladi. Kasbiy rivojlanish jarayonida ko‘p vaqt amaliyotga ajratiladi. Hozirgi kunda malaka oshirish sohasida davra suhbatlari, “aqliy hujum”, erkin bahs-munozaralar kabi faol o‘qitish usullariga juda ham katta e’tibor qaratilgan.

– Eshitishimizcha, Amerika qo‘shma shatatlarida ham davlat xizmatchilarining kasbiy malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilar ekan? 

– To‘g‘ri ta’kidladingiz, AQSHda ham barcha vazirlik va idoralarda malaka oshirish kurslari tashkil etilgan. Bunda davlat organlari rahbarlarini qayta tayyorlashga alohida o‘rin beriladi. Samarali ishlash, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lish, doimiy ravishda o‘zgarib turadigan qonun hujjatlariga tezkor javob berish va belgilangan vazifalarni hal qilish qobiliyatiga ega bo‘lish uchun AQSH davlat xizmatchilari doimiy ravishda o‘z bilim darajasini oshirib boradi va doimiy ravishda o‘zlarining kasbiy mahoratini oshirishadi.

– Har qanday davlatda kasbiy natijalarga erishish, mehnat faolligini oshirish va davlat organlari xodimlarining rag‘batlantirishini oshirishga yordam beradigan aniq va maqsadli kadrlar tayyorlash va rivojlantirish dasturlari bo‘lishi kerak, shunday emasmi? 

– Hech shubhasiz, shunday.

– Xo‘sh, bu masalaga mamlakatimizda e’tibor qay darajada? 

– Yuqorida aytganlarimizdan kelib chiqib, qayd etish joizki, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tendensiyasiga mos ravishda davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirishning keyingi 3 yillik istiqbolli rejalarini ishlab chiqish zarur. Ushbu Dastur o‘zida davlat fuqarolik xizmatidagi kadrlar tarkibini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ular malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ayniqsa xorijda amaliyot o‘tash bo‘yicha ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish, jarayonlarni amalga oshirishda zamonaviy va axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan samarali foydalanish borasidagi ishlarni ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olish maqsadga muvofiqdir.

Keyingi 5 yil davomida mamlakatimizda iqtidorli kadrlarni tanlab olish, kadrlar zaxirasini yaratish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirib borishga hukumat miqyosida e’tibor qaratilayotir. Va bu o‘zining yorqin samaralarini bermoqda.

O‘zA muxbiri Abdujalol QAYUMOV suhbatlashdi