O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining shonli 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari bayrami munosabati bilan Nukus garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida tantanali tadbir o‘tkazildi.

Vatan himoyachilari kuni bayramiga bag‘ishlangan ushbu tantanada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi rahbariyati, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashdi.

Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari – shtab boshlig‘i polkovnik Dilshod Ilhomov Vatan himoyachilarini bayram bilan muborakbod etdi. Shuningdek, qo‘mondon o‘rinbosari harbiy okrugning 2021 yilgi faoliyatiga to‘xtalib, amalga oshirilgan ishlarni e’tirof etdi. Xususan, 2021 yilda harbiy okrugda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari doirasida Nukus garnizonidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Xorazm viloyatidagi “Yangiariq” umumqo‘shin poligoni hamda Nukus shahri va Shovot tumanidagi Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonlarida kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Nukus tumanidagi harbiy qismlarning birida hamda “Nukus” umumqo‘shin poligonida zamonaviy va ko‘rkam Ma’naviyat va ma’rifat markazlari bunyod etildi.

Qoraqalpog‘istonda va Xorazmda bittadan ko‘p qavatli uylar qurilib, imtiyozli ipoteka krediti asosida harbiy xizmatchilarga topshirilishi natijasida 60 nafar oila yangi xonadon kalitlariga ega bo‘ldi. Harbiy bo‘linmalarni yangi, zamonaviy texnikalar bilan butlash, ularning jangovar imkoniyatlarini oshirish maqsadida 36 dona harbiy va 3 dona maxsus texnikalar safga ko‘yildi.

Qo‘shinlarning doimiy jangovar shayligini ta’minlash maqsadida 20 dan ortiq yig‘inlar, shtab mashqlari, dala chiqishlari hamda 15 dan ortiq hududiy kuch tuzilmalari bilan hamkorlikdagi maxsus-taktik o‘quvlari va mashg‘ulotlar o‘tkazildi. “Nukus” va “Yangiariq” umumqo‘shin poligonlarining infratuzilmasini tubdan takomillashtirish evaziga jangovar tayyorgarlikni oldingi yillarga nisbatan 1,5 barobarga oshirishga erishildi. Harbiy okrug qo‘shinlari bilan o‘tkazilgan 600 ga yaqin amaliy o‘q otish mashg‘ulotlaridan 400 dan ortig‘i kunduzgi va 190 dan oshig‘i tungi vaqtda tashkil etildi. 60 ga yaqin tungi va kunduzgi jangovar va harbiy texnikalarni haydash mashqlari, 55 ga yaqin dala chiqishlari, 160 ga yaqin piyoda yurishlar o‘tkazildi.

Muhim sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan harbiy okrug harbiy xizmatchilari hamda ishchi-xizmatchilaridan jami 215 nafari “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Tadbir davomida bir guruh harbiy xizmatchilar, ishchi-xizmatchilar, faxriylar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan jami 250 ga yaqin nafariga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri hamda okrug qo‘shinlari qo‘mondoni nomidan ko‘krak nishonlari, qimmatbaho sovg‘alar, navbatdagi harbiy unvonlar hamda faxriy yorliqlar topshirildi.

Tantanali marosim san’at ustalari hamda harbiy xonandalarning bayram konserti bilan yakunlandi.

Dovud ABIBULLAEV,  
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA