Barchaga ma’lum, so‘nggi vaqtlarda mamlakatimizda yirik nominaldagi banknotlar ya’ni 50 000 va 100 000 so‘m qiymatdagi banknotlar muomalaga kiritildi.

Ko‘pchilik yurtdoshlarimizning fikricha, mazkur yirik qog‘oz pullar muomalaga kiritilishi natijasida inflyatsiya darajasi va narxlar oshishiga sabab bo‘ladi.

Bu fikr qanchalik asosli? Bunga aniqlik kiritish maqsadida Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin BOZOROVga yuzlandik.

– Bu fikrlar asossiz. Yirik miqdordagi banknotlarni muomalaga kiritilishi inflyatsiya darajasi va narxlar barqarorligiga ta’sir ko‘rsatmaydi. Muomalaga yirik banknotlarning chiqarilishi muomaladagi pullarning miqdorini o‘zgarishiga olib kelmaydi, ya’ni pullarni asossiz ravishda ko‘payib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yangi banknotni muomalaga chiqarilishi naqd pullar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish, naqd pullarni saqlash va tashish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish va aholiga bankomatlar orqali xizmat ko‘rsatishda samaradorlikni oshirishga imkon beradi.

Muomaladagi 50 000 va 100 000 so‘m qiymatdagi banknotlar amaldagi mavjud pul massasi doirasida chiqariladi hamda uning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatmagan holda muomaladagi naqd pullar tarkibini optimallashtirishga xizmat qiladi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA