Bugun, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab Toshkent shahrida Qurolli kuchlar tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari ishtirokida tantanali yurish tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Harbiy xizmatchilar jangovar safda 3 400 metr masofani bosib o‘tishdi.

Bu vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlayotgan askar va zobitlarimizning keng jamoatchilik orasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini targ‘ib etish bilan birga Vatanimiz posbonlarining shahdu shijoatini namoyish etdi.

Aslida Vatan himoyasi har bir fuqaroning burchi. Turmush tashvishlari bilan andarmon oddiy nonvoydan el xizmatidagi taksichigacha, uyda bolajonlar tarbiyasi bilan kunlarni tonglarga ulayotgan onajonlarimizdan tortib, keng dalalarni bog‘u bo‘stonlarga aylantirayotgan bobodehqonlarimizgacha qaysidir ma’noda shu tuproq, shu el himoyasi, uning ravnaqi bilan mashg‘ul bo‘lgan insonlar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Lekin egnida harbiy libosi o‘ziga yarashib turgan tinchligimiz posbonlari bo‘lgan harbiylar esa tom ma’noda jonajon Vatanimizning haqiqiy himoyachilaridir. Ular borki, tunlarimizda halovat, tonglarimizda munavvarlik, dasturxonlarimizda fayzu tarovat, shaharu qishloqlarimizda obodlik, odamlarning bir-biriga ishonchi, mehru muhabbati barqaror.

Yaqin o‘tgan kunlarda qardosh va qondosh Qozog‘istonda ro‘y bergan noxush voqealar tinchlik naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini yanada teranroq his ettirdiki, xalqimiz qalb-qurida o‘z himoyachilari bo‘lgan  harbiy xizmatchilarni ardoqlash, ularning benazir xizmatlariga munosib bo‘lgan holda kelajakka qat’iy ishonch hissi bilan hamjihat bo‘lish naqadar muhim tamoyil ekanligini anglatdi.

Osoyishta yurtga bayramlar, bunyodkorlik ishlari, sport musobaqalari yarashadi. Shu ma’noda, sog‘lom turmush tarzi bo‘lgan piyoda yurishning harbiy safda 3400 metr masofada shaxdamlik ko‘rsatgan harbiylarimiz poytaxtimizdagi «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyi oldida keng jamoatchilik, ota-onalar, ularning farzandlari tomonidan tantanali kutib olindi.

Shu yerning o‘zida Vatanimizning kuch-qudrati, xalqimiz osoyishtaligining kafolati bo‘lgan harbiy texnikalarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilarning bayramona yurish tadbiri yakunlandi. Lekin uning tafti, hissi ko‘pning ko‘ngiliga «Armiya va xalq – bir tanu bir jon» g‘oyasini yanada teranroq jo etsa, ne ajab.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA