O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, marhum Qao‘yender Berdimuratovning “Jonlangan chiziqlar” deb nomlangan ko‘rgazmasi ochildi.

Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi U.Utegenova, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi S.Baybosinov va boshqalar ta’kidlaganidek, ko‘rgazmaning asosiy maqsadi qoraqalpoq tasviriy san’ati tarixidagi taniqli rassomning ishlari bilan aholi, ayniqsa, yoshlarni yaqindan tanishtirish, kelajak avlod uchun ijod maktabi va ustoz rassomlarning ijodiga bo‘lgan e’tibor, sohaga bo‘lgan qiziqishni yanada orttirishdan iborat. Marhum rassom Qao‘yender Berdimuratov rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika yo‘nalishida ijod qilgan.

Shuningdek, tarixiy portret va boshqa janrlarda kartinalar yaratgan. Rassomning tarixiy janrdagi kartinalari mavzusida XIX-XX asrdagi qoraqalpoq xalqining milliyligini ko‘rish mumkin. Milliy kiyimlardagi xotin-qizlar obraziga, undagi milliy bezak buyumlarining har bir detaligacha e’tibor qaratilgan. Portret janrida esa, qoraqalpoq botirlari, klassik shoirlari, qoraqalpoq adabiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan yozuvchi-shoirlar, jirovlar, taniqli ijodkorlarning obrazlarini yaratgan.

Shuningdek, rassom ijodi davomida bolalarga bag‘ishlangan ko‘plab ertak kitoblarga, qoraqalpoq folklarining 11 ta jildiga illyustratsiya ishlagan. Rassom kartinalari bugungi kunda muzey kolleksiyalarida saqlab kelinmoqda. Ko‘rgazmada rassomning 50 ta rangtasvir, grafika va illyustratsiya asarlari namoyish etilmoqda.

Dovud Abibullayev,  
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA