“Ayollar daftari”ni yuritish ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish, ularga davlat tomonidan manzilli tarzda ko‘maklashish bo‘yicha aniq tizim yaratilishiga asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokidagi brifing 2021 yilda «Ayollar daftari» bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.
O‘tgan yil davomida mazkur daftar samaradorligi qanday kechdi?
Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda bugungi kunga qadar «Ayollar daftari»ning mavjud 9 ta toifasi bo‘yicha ro‘yxatga olingan xotin-qizlarga har tomonlama yordam berilgan.

395 ming 729 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashilgan. 75 ming 469 nafar boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlarga 58 milliard 928 million so‘m miqdorida moddiy yordam berilgan va 66 ming 394 nafar nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga 55 milliard 87 million so‘mlik moddiy yordamlar belgilangan tartibda to‘lab berilgan.

5 ming 140 nafar uy-joyini ta’mirlashga muhtoj I guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga moddiy yordam berilib, uy-joylari ta’mirlangan. Noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan 5 ming 406 nafar xotin-qizlarga 9 milliard 975 million so‘mlik ijara kompensatsiyasi to‘lab berilgan. 5 ming 186 nafar ayollarning imtiyozli arzon uy-joylar olishlari uchun 18 milliard 918 million so‘m mablag‘ to‘lovi amalga oshirilgan.
Shuningdek, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan bolasi mavjud yolg‘iz ayollarga «Ayollar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari va boshqa manbalar hisobidan moddiy yordamlar ajratilgan. Ehtiyojmand xotin-qizlarga tibbiy xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan.

3-BOSQICH BOSHLANDI…

Qayd etilishicha, hozirgi kunda «Ayollar daftari» bilan ishlash tizimining 3-bosqichi boshlandi.
«Ayollar daftari» tizimining 3-bosqichini tashkil etish bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tegishli vazirlik va tashkilotlar, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda joriy yilda ham qator ishlar amalga oshirish belgilangan.
Ayni vaqtda respublikamizdagi barcha mahallalarda yashovchi 30 yoshdan oshgan xotin-qizlarni xonadonma-xonadon yurish orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari boshlangan. 2022 yil 31 yanvariga qadar davom etishi belgilangan mazkur jarayonlar har bir mahallada tashkil etilgan Ishchi guruh a’zolari tomonidan olib boriladi. Ushbu Ishchi guruhga fuqarolar yig‘ini raisi, uning huquq-tartibot va oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha ikki nafar o‘rinbosari, hududiy davlat va jamoat tashkilotlari vakillari jalb etilgan.

MUAMMOLAR QAYTADAN O‘RGANILADI…

«Ayollar daftari»ning 3-bosqichida kimlar daftarga kiritilmaydi?
3-bosqichda avvalo ayollarning muammolari qaytadan o‘rganiladi. Bunda hech bir ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qiz chetda qolib ketmasligiga alohida e’tibor beriladi. «Temir daftar»ga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar va farzandi «Yoshlar daftari»ga kiritilgan ayollar, 1- va 2-bosqichlarda 1-toifa bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga kiritilmaydi.

2021 yilda 9 ta toifa bo‘yicha xotin-qizlar «Ayollar daftari»ga kiritilgan edi. Bu yil esa 6 ta toifaga ko‘ra kiritiladi, ro‘yxat nega kamaytirildi?
Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining 2021 yil 29 dekabrdagi kengaytirilgan yig‘ilishida 3-bosqichda amalga oshiriladigan ishlar belgilab berildi.

Joriy yilda «Ayollar daftari» bilan ishlash tizimi bo‘yicha mavjud qonunchilik hujjatlarida quyidagi muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan, huquqiy, tibbiy va psixologik yordamlar «Ayollar daftari»ning qaysi toifasiga kiritilishidan qat’i nazar, barcha xotin-qizlarga ko‘rsatiladi.

«Ayollar daftari»ga kiritiladigan xotin-qizlarning ehtiyojmandlik darajasi, ya’ni ro‘yxatga olinishi toifalari soni o‘zaro muvofiqlashtirilishi natijasida oldingi 9 tadan 6 taga kamaytirildi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashda amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro indekslarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishtirish maqsadida «Ayollar daftari»ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha huquqiy-normativ hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Loyihaga muvofiq, 2022 yilda «Ayollar daftari»ga ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar: bandligi ta’minlanmagan, ammo ishlash istagida bo‘lgan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ammo bandligi ta’minlanmagan ehtiyojmand xotin-qizlar, boquvchisi vafot etgan yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan yoxud ruhiy kasallikka chalingan, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, shuningdek, boquvchisi bedarak yo‘qolgan hamda nikohi bekor qilingan ehtiyojmand xotin-qizlar hamda FHDYO organlarining ma’lumotnomasiga ko‘ra yolg‘iz ayollar, ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, mehnatga layoqatsiz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlar, uy-joyga muhtoj ehtiyojmand, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, doimiy turar joyi yo‘q yoki turar joyida yashash uchun sharoiti bo‘lmagan, bir xonadonda 3 va undan ortiq oila bo‘lib yashayotgan, biroq o‘zining yoki birgalikda yashovchi oila a’zolarining nomida turar joy mavjud bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizlar va qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizlar 6 ta toifalar bo‘yicha ro‘yxatga olinishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun aytish lozimki, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritilgan oilalardagi xotin-qizlar ham «Ayollar daftari»ga kiritilishi mumkin.
«Ayollar daftari»ning 3-bosqichi ro‘yxatiga kiritiladigan ehtiyojmand xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish ishlari joriy yil 10 fevralida yakunlanadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA