Markaziy Osiyo mintaqasida kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqaruvchi yagona hisoblangan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi jamoasi yangi yilning dastlabki ish haftasini katta maqsadlar bilan boshladi.

Bugunga kelib, zavodda kuniga 600 tonna soda ishlab chiqarilmoqda. Yiliga 200 ming tonna ishlab chiqarilayotgan mahsulot asosan shisha va yuvish vositalari ishlab chiqarishda, rangli metallurgiya, yengil sanoatda hamda qog‘oz sanoatida, suv tozalash ishlarida asosiy kimyoviy qo‘shimcha sifatida ishlatiladi.

2021 yil mobaynida mahsulot ishlab chiqarish hajmi oldingi yilga nisbatan 105,3, kalsinatsiyalangan soda ishlab chiqarish hajmi 141,7 foizni tashkil etdi. Natijada yil davomida 439,8 milliard sӯmlik mahsulot ishlab chiqarilib, rentabellik 19,8 foizni tashkil qildi va o‘tgan yilga nisbatan 13,5 barobar o‘sishiga erishildi. Shu davr mobaynida xorijiy valyutada 12,8 million AQSH dollari va milliy valyutada 7,7 milliard so‘m miqdorida kredit so‘ndirildi.

Zavod mahsulotlari asosan “Kvars”, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatlariga, “CAMPALIA XK” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga, “Asl oyna” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga va boshqa korxonalarga uzluksiz yetkazib berilmoqda. Korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nafaqat ichki bozorda, balki chet davlatlarda ham talab ortib bormoqda. Jumladan, mahsulotlar o‘tgan yillar mobaynida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Afg‘oniston va Eron kabi davlatlariga eksport qilindi.

Korxonada ishlab chiqarish ko‘lami ortishi ishchi-xodimlarning ijtimoiy himoyasini yanada yaxshilashga, o‘z vaqtida ish haqi va mukofot pullari bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA