Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning To‘rtko‘l tumani bo‘limlari tomonidan IIV xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Yu.R. o‘z uyida yashirin sex tashkil qilib, qo‘lbola usulda alkogol ichimliklarni ishlab chiqarayotganligi aniqlandi.

Undan jami 2203 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsuloti, 15 litr spirt va boshqa mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Chimboy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro G.T. o‘z uyida yashirin sex tashkil etib, xaridor G.ga qalbaki aksiz markali 120 dona “Qaratau” nomli alkogol mahsulotini 4 million so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu yashirin sexdan qalbaki aksiz markali jami 1804 dona “Qaratau” alkogol mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Nukus shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro K.U. “Damas” rusumli avtotransport vositasida qalbaki aksiz markali jami 530 dona “Qaratau” alkogol mahsulotini sotish maqsadida olib ketayotganligi aniqlandi. Qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA