Joriy yilning 3 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Hukumat qarori bilan Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalari tasdiqlandi.

Mazkur qaror bilan ko‘p kvartirali uy-joy fondini ta’mirlash uchun boshqarish organi tomonidan har bir ko‘p kvartirali uy uchun majburiy badallarning yoki to‘lovlarning alohida hisobi yuritiladi.

Misol uchun, 18-son ko‘p qavatli uydan yig‘ilgan “kvartplata” 19-son uy uchun sarflanishiga yo‘l qo‘yilmaydi va bu ishlar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Shuningdek, aholi tomonidan boshqaruv organlarining noqonuniy xatti-harakatlari ustidan ham inspeksiyaga shikoyatlar yuborish imnoyati yaratilib, ijrosi haqida ham hisobot berib boriladi.

Shuningdek, ko‘p kvartirali uyda umumiy mol-mulkning talab darajasida saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan xizmatlar va ishlarning ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan tasdiqlangan minimal ro‘yxat asosida ko‘p kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining umumiy yig‘ilishida  tasdiqlanadi.

Qolaversa, boshqarish organlari tomonidan ko‘p kvartirali uylarda avariya vaziyatlarini bartaraf etuvchi 24/7 rejimida ishlaydigan  avariya-dispetcherlik xizmati tashkil etiladi, bunga moliyaviy imkoniyati yoki moddiy-texnika bazasi yetarli bo‘lmagan taqdirda, avariya-dispetcherlik xizmati ko‘rsatuvchi boshqa tashkilotlar jalb qilinishi mumkin.

Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan doimiy ravishda joy mulkdorilarining so‘rovnomasi asosida kommunal xizmatlarning hajmi (miqdori), umumiy mol-mulkni saqlash maqsadida sarflangan xarajatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar berib boriladi.

Boshqarish organlari tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish billing tizimi orqali amalga oshiriladi.

Natijada, majburiy badallar hisobi xonadonlar kesimida yuritiladi va to‘lov bo‘lganligi to‘g‘risidagi ma’lumot foydalanuvchining mobil telefoniga qisqa xabar (SMS) shaklida yuboriladi. Boshqaruvchi organlarga murojaatlarni elektron shaklda yuborish mumkin bo‘ladi va ularning  ijrosi mutasaddi organlar tomonidan nazorat qilinadi.

Har bir mulkdorda billing tizimi orqali onlayn tartibda uy-joy mulkdorlarining umumiy yig‘ilishini o‘tkazish uchun mulkdorlarni chaqirish imkoniyati bo‘ladi.

Eng muhimi uy-joy mulkdorlari o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazilib, boshqarish organi faoliyati to‘g‘risidagi fikr-mulohazalar onlayn tahlil qilinadi va shu tariqa ko‘rsatilgan xizmatlar sifati aholi tomonidan baholanadi.

Boshqarish tashkilotlari elektron reytingida jami to‘planadigan ballning 60 foizi aholi tomonidan bildiriladigan fikr-mulohazalarga asoslanadi. Mulkdorlarga boshqaruvchi organ tomonidan bajarilgan ishlar,  har olti oyda majburiy badallar va to‘lovlarning tushumi va uyni boshqarish bo‘yicha xarajatlar to‘g‘risidagi hisobotlar onlayn yetkaziladi. Bunda aholi kvitansiyani yuklab olish orqali hisob-faktura bilan ham batafsil tanishishi mumkin.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA