Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov boshchiligidagi mutasaddi tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklari vakillaridan iborat ishchi guruh Qoraqalpog‘istonning Taxiatosh tumanida bo‘lib, hududning mavjud imkoniyatlarini o‘rgandi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Mahalliy rahbarlar va mutaxassislar hamkorligida 2022-2024 yillarda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejasi ishlab chiqiladi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Surxondaryo viloyati tadbirkorlari ham Taxiatosh tumani aholisining turmush darajasini yuksaltirish uchun hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirib, yangi ish o‘rinlari barpo etishga bel bog‘lagan. Shunga muvofiq, viloyat tadbirkorlari sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida qator loyihani amalga oshirib, uch mingga yaqin ish o‘rni yaratadi.

Jumladan, “Nortx industry materrials”. “Citu Termiz group” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari donni qayta ishlab, un mahsulotlari, “Nukus Indenim” mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuv-trikotaj buyumlari ishlab chiqarish korxonasini bunyod etadi. “Ostona Kilem” mas’uliyati cheklangan jamiyati kooperatsiya asosida jundan ip-yigiruv va gilam to‘qishni yo‘lga qo‘yadi. “Surxon Nukus Mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati logistika markazi quradi.

Tumanda raqobatbardosh qurilish materiallari ishlab chiqarish ham izchil rivojlantiriladi. Buning uchun “Termiz tezkor qurilish” ixtisoslashgan ta’mirlash ko‘p tarmoqli tashkiloti, “Muxtadir ta’mir”, “Soadatbonu Aziza” mas’uliyati cheklangan jamiyati, “Santexmontaj” xususiy korxonasi va boshqa qator tadbikorlik subektlari qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarini barpo etadi.

Issiqxonalar, mayda va yirik shoxli mollar komplekslari qad rostlaydi. Zamonaviy tibbiy klinika va maktabgacha ta’lim muassasalari qurilib, foydalanishga topshiriladi. Ikki mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

Tumanda 20 dan ortiq loyihani amalga oshirish uchun 308 milliard 240 millin so‘m mablag‘ sarflanib, hududning eksport salohiyati yanada oshiriladi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  O‘zA muxbiri