O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Afg‘onistonga yetkazilgan insonparvarlik yuki 23 dekabr kuni Mozori Sharif shahrida birodar xalqqa tantanali sur’atda topshirildi.

Un, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi navbatda zarur bo‘ladigan tovarlar, kiyim-kechak, to‘qimachilik mollari, umumiy og‘irligi 4 ming tonnadan ziyod ko‘mir yoqilg‘isidan iborat ushbu gumanitar yordami o‘zbek xalqining Afg‘onistonga ko‘rsatgan navbatdagi xayrixohligi bo‘ldi. Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sher Abbos Stanikzay mamlakat uchun og‘ir damda ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor, qo‘llab-quvvatlov va birdamlik uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga butun afg‘on xalqi nomidan chuqur minnatdorlik bildirdi.

Afg‘oniston xalqiga ko‘maklashish chaqirig‘iga davlatimiz rahbari birinchilardan bo‘lib e’tibor qaratgani, uning siyosatini bu ko‘p millatli xalq chinakam insonparvarlik, birodarlik va yaxshi qo‘shnichilikning chinakam ifodasi sifatida qabul qilayotgani alohida qayd etildi. Abbos Stanikzay afg‘on xalqi O‘zbekiston yetakchisining birodarlik munosabatini doimo his qilib kelganini e’tirof etarkan, mamlakatning yangi hokimiyat idoralari tomonidan yaxshi qo‘shnichilik munosabatini yanada mustahkamlash uchun bor imkoniyat ishga solinishi, shuningdek, o‘z hududidan qo‘shni davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga hech qanday tahdidlarga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.Balx viloyati hokimi Qudratilla Abu Hamza ayni vaqtida ko‘rsatilayotgan mazkur insonparvarlik yordami qish faslida afg‘on xalqi uchun alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki birodar xalq o‘rtasidagi chuqur tarixiy va ma’naviy aloqalarning yana bir dalilidir.

Afg‘oniston jamoatchiligi, jumladan, etnik o‘zbeklar vakillari – taniqli arboblar o‘zlari uchun eng og‘ir va sinovli damda ularning ehtiyoji, o‘y-fikrlarini hech qachon unutmagan, doimo yurakdan his qilgan, afg‘on xalqining hamisha haqiqiy do‘sti bo‘lib qolgan O‘zbekiston rahbariga mislsiz yordam uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik izhor etishdi.O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan bu yordam aslida mamlakatda ommaviy ocharchilik, og‘ir gumanitar va oziq-ovqat inqirozining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.Tadbir so‘ngida milliy qadriyatimiz namoyishi, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi ramzi sifatida barcha yig‘ilganlarga, Afg‘oniston jamoatchiligi vakillariga usta oshpazlarimiz tomonidan tayyorlangan palov tarqatildi.

 

O‘zA