Prezidentimiz raisligida ipotekani kengaytirish va qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

– Ipoteka kreditini olishda qarindosh bo‘lmagan fuqarolarning kafil bo‘lishiga ruxsat bersak, bu ham adolatdan bo‘ladi (bugungi kunda faqat yaqin qarindoshlar kafil bo‘la oladi), – dedi davlatimiz rahbari.

Bundan tashqari, kelgusi yildan ijtimoiy ahvoli og‘ir xotin-qizlar, chin yetimlar va nogironligi bo‘lganlarga, ikkilamchi bozordan ham uy-joy olishlariga imkoniyat yaratiladi.

Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida yangi qurilgan uylar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularni rasmiylashtirish, subsidiya va kredit ajratish xizmatlarini bitta joyda ko‘rsatish markazlari tashkil etiladi.

– Odamlarimiz qaysi hududda yoki qaysi quruvchida maqsadli ipoteka shartlariga to‘g‘ri keladigan xonadon bor deb, o‘ylanib yurmasligi kerak, – dedi Prezident.

Shu bois, mutasaddilarga bir oy muddatda poytaxtda kamida 5 ta, viloyatlarda esa 2 tadan hududda barcha xizmatlar jamlagan markazlar tashkil qilish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, aholi mablag‘larini qurilishga jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi “maqsadli ipoteka omonati” mexanizmi joriy etiladi. Bunda: 

1) “xaridor – bank – quruvchi” o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi; 
2) uy-joy xarid qilmoqchi bo‘lgan fuqaro bankda omonat ochib, uni to‘ldirib boradi; 
3) badal summasi shakllanganda, unga ipoteka krediti rasmiylashtiriladi; 
4) tijorat banki omonat mablag‘larini quruvchi tashkilotga kredit sifatida ajratadi. 

Ya’ni, xaridor bank orqali quruvchini moliyalashtiradi, bank esa uyni xaridorga vaqtida topshirilishiga kafil bo‘ladi.

Shuningdek, pudratchilarga qurilishi tugallanmagan, tom qismi yopilgan ko‘p kvartirali uy-joylarni kredit ta’minoti sifatida garovga qo‘yishga ruxsat etiladi. Tadbirkorlik jamg‘armasi tomonidan qurilish tashkilotlariga kafillik va kompensatsiya to‘lash muddati uzaytiriladi.

Bunda, kafillik va kompensatsiyalar qurilayotgan ko‘p qavatli uy-joydagi kamida 70 foiz xonadonlar maydoni 70 kvadrat metrdan oshmagan taqdirda beriladi.

Uy-joylar qurish uchun reytingda yuqori o‘rinlarda bo‘lgan pudratchi tashkilotlarga yerni auksiondan sotib olish to‘lovining avval 30 foizini, qolgan summani esa 12 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

 

O‘zA