Farmon va ijro

O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida “Milliy suvenirlar” festivali bo‘lib o‘tdi.

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tashabbusi bilan ilk bor tashkil etilgan ushbu festivaldan ko‘zlangan maqsad mamlakatimizda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, yurtimiz fuqarolari va xorijlik sayyohlar o‘rtasida madaniy-tarixiy merosimizni keng targ‘ib qilish, O‘zbekistonning sayohat va dam olish uchun xavfsiz manzil sifatidagi imijini mustahkamlash borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga munosib hissa qo‘shishdir.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida ushbu festival o‘tkazildi, – dedi Madaniy meros agentligi matbuot xizmati rahbari Mohinur Imomova.

– Maqsad – mamlakatimiz turizm salohiyatini yuksaltirish. Shu bilan birga, festival ishtirokchilari tomonidan yaratilgan milliy suvenirlar savdosini yo‘lga qo‘yish orqali respublikamiz muzeylari va madaniy meros ob’ektlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri targ‘ib qilishga imkon yaratiladi.

Bu esa hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hunarmandlar bandligini ta’minlash, ularni ham moddiy, ham ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Festival nafaqat poytaxtimizda, balki mamlakatimizning boshqa hududlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Toshkentlik hunarmand Umid Yo‘ldoshev ham “Milliy suvenirlar” festivali ishtirokchisi.

– Salkam 25 yildan buyon hunarmandchilik bilan shug‘ullanaman, –dedi u. – Avvallari teri oshlaganman. Hozirgi kunda esa shogirdlar bilan birga teri mahsulotlaridan turli buyumlar ishlab chiqaryapmiz. Mahsulotlarimizni ko‘rgazmalarda doimiy ravishda namoyish qilib boramiz. Bugun ham ushbu festivalda qatnashdik. Bu biz uchun har tomonlama foydalidir.

Festival doirasida hunarmandlarning ko‘rgazma-savdosi, ko‘rik-tanlovlar va mahorat darslari ham o‘tkazildi. Folklor-etnografik guruhlarning chiqishlari esa ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.

– Hunarmand bo‘lganim uchun bu kabi tadbirlarda qatnashish qiziqarli. Kuy-qo‘shiqlar, hunarmandlar bilan muloqotda bo‘lish – hamma-hammasi ijodkorga ilhom baxsh etadi. Ayniqsa, rang-barang ijod namunalarini ko‘rib, ko‘ngil yayraydi. O‘zim ham rasman ro‘yxatdan o‘tib, sakkiz yildan buyon turli metallardan uy-ro‘zg‘or buyumlari va sovg‘abop mahsulotlar tayyorlayman. Hunarim o‘zimga yoqadi va doimo izlanaman, – dedi hunarmand Anatoliy Babaxanyan.

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri