O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasida 28 sentyabr kuni Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida “B2B” uchrashuvlari formatida onlayn tarzda Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari o‘rtasida Kooperatsion birja o‘z ishini boshladi.
Ushbu Kooperatsion birja Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tadbirkor ayollari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish hamda hamkorlik va ishbilarmonlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Ta’kidlash kerak, uch kun davomida bo‘lib o‘tadigan tadbir BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etildi. Oliy Majlis Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Norboyeva va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska tadbirning ochilishida ishtirok etdi.
Tanzila Norboyeva Markaziy Osiyo tadbirkor ayollarini biznes atrofida birlashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonda ayollarga yaratilayotgan shart-sharoitlar va qo‘shni davlatlardagi tadbirkor ayollar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan yangi hamkorlik ishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
– O‘zbekistonda tadbirkor ayollarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni vaqtda respublikamizda 170 mingdan ortiq tadbirkor ayol mavjud. Ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyat yuritayotgan davlat jamg‘armasi tomonidan tadbirkor ayollar loyihalari uchun imtiyozli kreditlar ajratib kelinmoqda, – dedi Senat Raisi. – Barcha viloyatlarda har yili 30 mingdan ortiq ayolni tadbirkorlikka o‘qitish va qayta tayyorlash, ish bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatuvchi markazlar faoliyat yuritmoqda.
Markaziy Osiyo ishbilarmon ayollarining “B2B” uchrashuvlari sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, san’at va xunarmandchilik hamda innovatsion texnologiyalar kabi mavzuli sessiyalarga bo‘lingan.
Kooperatsion birja davomida Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari bo‘lajak sheriklari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatadi. Kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qiladi. Bu esa ayollarning imkoniyatlarini yanada kengaytirib, ikki tomonlama va mintaqaviy formatlarda ishbilarmonlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga ko‘maklashadi.
Tadbir yakunlari bo‘yicha har bir tematik sessiya natijalari sarhisob qilinishi va Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari o‘rtasidagi erishilgan kelishuvlar e’lon qilinishi kutilmoqda.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA muxbiri