Poytaxtimizda “Yangi O‘zbekistonning Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari: yutuqlar va istiqbollar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Anjumanning asosiy maqsadi – O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda islohotlarning ahamiyatini muhokama qilish, bilim va tajriba, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish strategiyalarining natijalarini almashish hamda o‘zaro hamkorlik uchun “yo‘l xarita”larini belgilab olishdan iboratdir.

Senator va deputatlar, xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tgan tadbirda mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda kuzatilgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Konferensiya gibrid rejimda tashkil etilib, qator davlatlar ekspertlarining nutqi tinglandi.

Ular respublika miqyosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “BRM yosh elchilari” yoshlar tashabbusi bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

Shuningdek, qashshoqlik va ochlikni butunlay yo‘q qilish, mamlakatlar va ular o‘rtasida tengsizlikni kamaytirish, sog‘lom turmush tarzi, barcha uchun ta’lim olish imkoniyatini yaratish, gender tenglikni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekistonda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish 2017-2021 yillardagi Harakatlar strategiyasiga to‘g‘ri keldi. COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, mamlakatimiz islohotlarni davom ettirmoqda.

– Mazkur konferensiya O‘zbekistonda ayollarning haq-huquqlari, jamiyatdagi o‘rni va biznes sohasida faolliklari bilan yaqindan tanishish uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Boisi gender tengligi bilan bog‘liq masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yig‘ilish samarali loyihalarni amalga oshirish uchun yangi platforma vazifasini bajaradi, deb ishonaman, – dedi Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Agneshka Marchak.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev fuqarolik jamiyatining institutsion rolini oshirish, inson huquqlarini himoya qilish, kambag‘allikni kamaytirish, har bir kishini kafolatli daromad manbai bilan ta’minlash hamda barqaror ekologik rivojlanishga erishish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

Konferensiyaning ikkinchi qismida yoshlar vakillari “Yoshlar so‘zlari bilan aytganda milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish: ijtimoiy va innovatsion loyihalar” mavzusida o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularni empirik tahlil qilishga bag‘ishlangan yangi kitobni ingliz tilida yozish bo‘yicha ilmiy hamjamiyat tomonidan ish boshlangani ham e’lon qilindi.

Konferensiyada milliy BRMga erishish uchun hamkorlikning keyingi “yo‘l xarita”lari aniqlandi. Tashkilotchilar Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar va ularning milliy BRMga erishishdagi ahamiyatini umumlashtirishga qaratilgan Almanax – tasviriy hisobot tayyorladi. Bu odamlarning O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish to‘g‘risida xabardorligini oshirishga qaratilgan.

Konferensiya davomida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayonida xalqaro ilg‘or tajribalar ko‘rib chiqilib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazkur maqsadlar bilan bog‘liqlik jihatlari muhokama qilindi. Shuningdek, bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bo‘yicha xalqaro ekspertlarning fikri tinglandi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbiri