Ayni paytda davom etayotgan Prezidentimizning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti davomida soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirishga oid masalalarga to‘xtalib o‘tildi.
–So‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat’i nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng bo‘lgan.
Byudjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobiga 7 mingga yaqin korxona har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m soliq to‘lashdan ozod bo‘ldi. Molk-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi.
Aniq misollar bilan gapiradigan bo‘lsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, to‘qimachilik va elektrotexnika sanoatida esa 20 foizgacha kamaydi.
Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramay, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi. Ko‘proq zarar ko‘rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari to‘lovlaridan butkul voz kechildi.
Lekin soliq stavkalari va soliq ma’murchiligi bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilayotgan haqli savollar hali juda ko‘p.
O‘zA