Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda joriy qilingan “Xalqlar do‘stligi kuni” ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizda keng qamrovda, yuksak saviyada, ko‘tarinki ruhda ilk bor nishonlanmoqda.

Respublikamizda ilk bor bayram qilinayotgan ushbu sana munosabati bilan davlatimiz rahbari farmoniga asosan bir guruh hamyurtlarimiz Vatanimizning yuksak mukofotlari – orden va medallari,nishonlar bilan taqdirlandi.

Poytaxtimizda ana shu mukofotlarni o‘z egalariga tantanali tarzda topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirga mamlakatimizning turli vazirlik va idoralari, jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlarning vakillari, yurtimizda millatlararo do‘stlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan hamyurtlarimiz taklif etildi. Tadbirni onlayn tarzda ham yurtimizning turli hududlaridan kuzatish imkoniyati yaratildi.

Prezidentimizning Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.

Diyorimiz azaldan do‘stlik, ahillik, hamjihatlik, mehr-oqibat, saxovat muhitiga xayrixohligi bilan jahonga dong taratgan. Istiqlol yillarida mamlakatimizda millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro totuvlik, bag‘rikenglik muhitini saqlash, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash masalasiga davlat siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratila boshlandi. Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, barcha konstitutsiyaviy huquqlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyat va sharoitlar yaratildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillar mobaynida ko‘p millatli mamlakatimizda barcha fuqarolarning manfaatlarini himoyalash, xorijiy va qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini yangicha asosda yo‘lga qo‘yish, bunda yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga tayanish, millatlar o‘rtasidagi totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashda mutlaqo yangicha tizimni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida millatlararo ahillikni saqlash masalasi Yurtboshimizning 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida, Oliy Majlis hamda xalqimizga Murojaatnomalarida, yuksak minbarlardagi nutqlarida namoyondir.

Tegishli farmon asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining konsepsiyasi mazkur sohada davlatimiz siyosatining maqsadlari, prinsiplari va asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi nuqtai nazarlar yagona tizimini o‘zida mujassam etgan. O‘zbekistonda millatlararo, diniy konfessiyalararo do‘stlikni mustahkamlash, o‘zaro ahil va hamjihat muhitni ta’minlash borasidagi amaliy ishlar xalqaro miqyosda ham yuksak e’tirof etilmoqda.

…Tantanali musiqa yangraydi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva milliy madaniy markazlarning vakillari, fidoyi hamyurtlarimizga Vatanimizning orden va medallarini topshirdi. Shuningdek, ”Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonlari ham topshirildi.

– Men jonajon O‘zbekistonning farzandi ekanimdan g‘oyat faxrlanaman, – dedi “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, Respublika qirg‘iz milliy madaniy markazi rahbari Rahmatilla Jabborov. – Mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining emin-erkin yashashi, ta’lim olishi, o‘z iqtidorini yuzaga chiqarishi uchun zarur barcha sharoitning yaratilgani bizlarga mamnuniyat, ilhom bag‘ishlaydi.

Bayram davom etadi. Turli millat va elat vakillarining liboslari turfa, lekin ularning maqsad-muddaosi yagona – tabarruk O‘zbekistonimizni farovon, fayzli, tinch , osuda, ma’mur va taraqqiyotga yuz tutgan holda ko‘rish.

Tadbir san’at ustalari va ijrochi yoshlarning katta konsert dasturi bilan yanada shukuhli va zavqli o‘tdi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohitov ishtirok etdi.