Bugun Toshkentdagi xalqaro konferensiya dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganialohida ta’kidlandi.
Rashid Meredov davlatimiz rahbariga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi. O‘zbekiston yetakchisining Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini rivojlantirish borasidagi tashabbuslari yuksak baholandi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Qo‘shma hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Joriy yilning 6 avgust kuni “Avaza” milliy turizm zonasida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning borishi muhokama qilindi.
Afg‘onistonda qaror topayotgan murakkab vaziyat yuzasidan fikr almashildi.