Hozirgi sinovli kunlarga qaramasdan mamlakatimizda keng ko‘lamli qurilish hamda bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a hamda qo‘shni tumanda qad rostlayotgan ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy ob’ektlar, zamonaviy uy-joylar qurilishida “Tuproqqal’a maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilarining munosib hissalari bor.

Ulardan “Qo‘ng‘irot soda zavodi” unitar korxonasi, Ellikqal’a tumani markazidagi “Elteks” aksiyadorlik jamiyati, 6 ta kasb hunar kolleji, 4 ta umumiy o‘tra ta’lim maktabi, 6 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti,  “Kamolot uylari”, tuman markazidagi ko‘p qavatli uy-joylar va boshqa qator binolar mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bunyod etildi.

O‘z faoliyatini 2009 yilda boshlagan qurilish tashkilotida bugungi kuni jami 122 nafar ishchi-xodim mehnat qilib, shundan  40 nafari mavsumiy va 82 nafari doimiy ish bilan ta’minlangan. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil qiladi. Ishchi xodimlarning samarali mehnat qilishlari uchun korxona rahbariyati tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Jumlalan, ishchilar ikki  mahal issiq ovqat, kiyim-kechak va uzoqdan qatnovchilar uchun bepul yotoqxona mavjud. Tashkilotda ishlovchi yordamga muhtoj xodimlarning oilaviy sharoiti hisobga olinib, farzandlarining oliy o‘quv yurtlarida o‘qishi uchun shartnoma to‘lovlari to‘lab berilib,  shaxsiy uy-joy qurishida moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Ish haqlari vaqtida berilib kelinmoqda. Mana shunday shart-sharoitlar natijasida quruvchilar yozning jaziramasi qishning qahraton sovug‘iga qaramasdan belgilangan ob’ektlarni o‘z vaqtida topshirish yo‘lida  beminnat xizmat qilib kelmoqda. O‘z navbatida tashkilot quruvchilarining fidokorona mehnati davlatimiz tomonidan munosib baholanib kelinmoqda.

bugungi kuni mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari Ellikqal’a, Beruniy, To‘rtko‘l tumanlaridagi ob’ektlarda mehnat qilmoqda. Shundan Ellikqal’a tumanidagi 13-son maktab-internatida qurilishi tugallanmagan 240 o‘rinli o‘quvchilar yotoqxonasi, o‘quv korpusi va oshxona binosi qurilish ishlarini olib borilmoqda. Bu yerda mazkur qurilish tashkilotidan tashqari pudratchi “Bo‘ston obod maxsus qurilish” xususiy korxonasi hamda “Po‘lat quruvchi” mas’uliyati cheklangan jamiyatlaridan jami 100 nafardan ziyod quruvchi ishtirok etmoqda.   Umumiy narxi 6 milliard 272,8 million so‘m bo‘lgan maktab-internati qurilishida bugungi kunga mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 3 milliard 316 million so‘mlik, yordamchi pudratchi tashkilotlar tomonidan 773 million so‘mlik ish ko‘lami bajarildi.

– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan barcha sohalar kabi qurilish hamda bunyodkorlik ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi “Tuproqqal’a maxsus qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi Abat Mirishov. – Ayniqsa, bugungi kuni Orolbo‘yi shahar va tumanlarida keng ko‘lamli kurilish ishlari olib borilmoqda. Bunday imkoniyat hamda g‘amxo‘rlikdan samarali foydalangan holda jamoamiz barcha ob’ektlarni o‘z muddatida sifatli bitkazishga harakat qilyapmiz. Eng asosiysi, biz qurayotgan har bir bino va inshootning xalqimiz manfaati va ularning farovon yashashiga, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotgani har birimizga g‘urur ham iftixor bag‘ishlaydi.

bugungi kunda davlatimiz raxbarining  joriy yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash,  aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, joylarda oqava suv xandaqlari va sanitariya inshootlarini barpo etish ishlari olib borilmoqda. Mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari  To‘rtko‘l tumani “Ko‘kcha” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi suvni chuchuklashtiruvchi stansiyani va ichimlik suv tarmoqlarini rekonstruksiya ishlarini olib bormoqda.  “Suv ta’minoti va oqava suv ob’ektlari qurilishi bo‘yicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi buyurtmasi asosida olib borilayotgan qurilishning umumiy narxi 3 milliard 581,2 million so‘m bo‘lib, shundan o‘zlarining kuchi bilan 1 milliard 194,7 million so‘m, yordamchi pudradchi tashkilotlar tomonidan 468 million 173,1 ming so‘mlik ish ko‘lami bajarildi.

Bundan tashqari ushbu tumanning  “Otayurt” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yangidan ichimlik suv tarmog‘ini tortish, 29-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Beruniy tumanidagi 35-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binolarini mukammal ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Tashkilot tomonidan bugungi kunda nafaqat qurilish ishlari balki, temir-beton mahsulotlari, AKFA deraza va eshiklar, temir darvoza va eshiklar, MDF eshiklar ham ishlab chiqarmoqda.

Barcha ob’ektlar qurilishini O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi bayrami arafasida foydalnishga topshirishni rejalashtiryapmiz. Bu jamoa quruvchilarining aholiga, shu jumladan, iqtidorli yoshlarga bayram tuhfasi bo‘lib hisoblanadi.

 

 

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA