O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Gematologiya va onkologiya yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish, mazkur sohada aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati, ko‘lami va samaradorligini oshirish, bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularni zarur dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlash, shifoxonalarni zamonaviy diagnostika laboratoriyalari va tibbiy texnikalar bilan jihozlash maqsadida:

1. Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtirilsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev):

Qurilish vazirligi (B.Zokirov) va Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2021 yil 1 sentyabrga qadar yangi binolarni zamonaviy talablar asosida, xususan ularda kattalar va bolalar uchun alohida jarrohlik, jonlantirish, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantologiya bo‘limlari, shuningdek, radio diagnostika va radio davolash bo‘limlari, bakteriologik laboratoriya, maxsus ovqat tayyorlash bo‘linmasini, bolalarga ta’lim olish imkoniyatini yaratishni nazarda tutgan holda qurish ishlari olib borilishi va tibbiy texnikalar bilan jihozlanishini ta’minlasin;

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi yangi binolarga joylashtirilayotganligini inobatga olgan holda uning tuzilmasi, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini qayta ko‘rib chiqib, tasdiqlasin.

2. Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markaziни tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilansinki:

2022 yil 1 yanvardan boshlab Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqarilib, mustaqil markaz sifatida faoliyat yuritadi;

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi binolaridan biriga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtiriladi;

2021-2022 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi bo‘limi negizida umumiy shtatlar va statsionar o‘rinlar doirasida Bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlari tashkil etiladi.

3. Toshkent shahar hokimligi (J.Artikxodjayev), Sog‘liqni saqlash vazirligi (U.Sobirov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov) va Qurilish vazirligi (B.Zokirov) 2021 yil 1 sentyabrga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida zamonaviy yangi bino-inshootlar kompleksini qurish va jihozlash bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin.

4. Respublika gematologiya, onkologiya va radiologiya markazlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ishchi guruhi tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ishchi guruhi (B.Musayev):

2021 yil 1 sentyabrga qadar Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasida yangi barpo etilgan tibbiyot muassasasi negizida 300 o‘rinli zamonaviy Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati ilg‘or xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasidan kelib chiqqan holda yo‘lga qo‘yilishini;

ikki oy muddatda Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish, salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash va jihozlash konsepsiyasining ishlab chiqilishini;

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi faoliyatini tashkil etishga xorijiy ekspertlar va yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari jalb qilinishi, moliyaviy, tashkiliy va boshqa zarur choralar amalga oshirilishini;

suyak ko‘migi o‘zak hujayralarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini birinchi bosqichda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, keyinchalik esa Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazida ham joriy etilishini;

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun quriladigan bino-inshootlar kompleksi sohadagi ilg‘or xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasini inobatga olgan holda tashkil etilishini;

markazlar joylashtiriladigan binolarni ta’mirlash va jihozlash standartlari ushbu sohadagi ilg‘or xorijiy tibbiyot muassasalari tajribasi asosida ishlab chiqilishini hamda jihozlanishini ta’minlasin.

5. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda qo‘shimcha 60 milliard so‘m hamda 2022 yildan boshlab 125 milliardso‘mдaн kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratilishini ta’minlasin.

6. Belgilansinki, 2022 yil 1 yanvardan boshlab qizlar va ayollar orasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish quyidagi milliy dasturlar asosida amalga oshiriladi:

9-14 yoshdagi o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi vaksina bilan emlash;

30-55 yoshdagi ayollar orasida bachadon bo‘yni va 45-65 yoshdagi ayollar orasida ko‘krak bezi saratoni skriningi.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarini shakllantirishda mazkur bandda ko‘zda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman (shahar) hokimlari mazkur bandda belgilangan qizlar va ayollar orasida onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish milliy dasturlarini tegishli hududlarda samarali va to‘liq ijrosini ta’minlashga hamda ajratilayotgan mablag‘larning manzilli ishlatilishiga shaxsan mas’ul hisoblanadi.

7. Tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining “Ayollar maslahatxona”lari tarkibida muntazam ravishda ayollar orasida keng ko‘lamli birlamchi tekshirishlarni amalga oshiradigan “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalari tashkil etilsin.

Belgilansinki:

ushbu xonalar 2022 yil 1 yanvardan boshlab hududiy sog‘liqni saqlash umumiy byudjet fondi doirasida tashkil etiladi;

ushbu xonalardagi tekshiruvlar sifati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan maxsus axborot boshqaruvi tizimi orqali nazorat qilinadi.

8. Sog‘liqni saqlash vazirligi (E.Basitxanova) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

ikki oy muddatda mazkur qarorning 7-bandida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha manzilli dasturlarni ishlab chiqsin;

2021 yil yakuniga qadar “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shifokorlarni tayyorlash ishlarini yakunlasin;

2022 yil 1 yanvarga qadar “Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalarining zarur tibbiy texnikalar bilan jihozlanishini ta’minlasin.

9. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

“Onko-nazorat” (Cancer-nazorat) xonalari tashkil etilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi;

o‘z hududlarida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash hamda muvaffaqiyatli davolash ko‘rsatkichlarining oshishi, kasallik oqibatida yuz beradigan o‘lim holatining kamayishiga erishilganligi ular faoliyatining samaradorligini baholashda asosiy mezonlardan biri sifatida e’tirof etiladi.

10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Xadjibayev) va Davlat bojxona qo‘mitasi (M.Azimov) ikki hafta muddatda, istisno tariqasida, 2019-2021 yillarda tuzilgan (tuziladigan) shartnomalar asosida Sog‘liqni saqlash vazirligining buyurtmasiga muvofiq import qilingan tibbiy buyum va texnikalar, dori vositalari “Erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimida rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining hududlarda gematologiya va onkologiya xizmatlari sifatini oshirish, hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari va onkologiya dispanserlari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanadigan tibbiy texnikalar va sarf materiallarini markazlashtirilgan tartibda xarid qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ushbu bandda nazarda tutilgan zarur mablag‘larning 40 foizi 2021 yil 15 iyunga qadar, qolgan 60 foizi 2021 yil 1 oktyabrga qadar mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkazilishini ta’minlasin.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov), zarur hollarda, ushbu bandda ko‘rsatilgan tibbiy texnikalarni xarid qilish xarajatlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 2022 yil 1 iyunga qadar qaytarib berish sharti bilan byudjet ssudalarini ajratsin.

12. Sog‘liqni saqlash vazirligiga mazkur qarorning 11-bandida xarid qilinishi belgilangan tibbiy texnikalarni yetkazib berish haqidagi import shartnomalarini “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda kompleks ekspertizadan o‘tkazgan hamda kontrakt tuzilganligi to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portaliga joylashtirgan holda, ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olish yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzishga ruxsat berilsin.

13. 2021 yil 1 iyuldan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yo‘nalishlari bo‘yicha yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi bilan bog‘liq xarajatlar Davlat byudjeti hamda Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi;

bemorlarning onkologiya va gematologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yo‘llanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlari Davlat byudjetidan qoplanadi;

onkologik va gematologik bemorlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy byudjetlar mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplab beriladi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi (U.Sobirov), Moliya vazirligi (T.Ishmetov) va Transport vazirligi (I.Mahkamov) bir oy muddatda mazkur bandda belgilangan xarajatlarni davlat tomonidan qoplab berish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Inoyatov, U.Sobirov, E.Basitxanova) uch oy muddatda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari, gematologik va onkologik kasalliklarni kamaytirish bo‘yicha ijobiy tajribaga ega xorijiy davlatlar tajribasi asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash dasturini tasdiqlasin:

birlamchi bo‘g‘in shifokorlarining gematologik va onkologik kasalliklar to‘g‘risidagi hushyorligini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli seminar-treninglar o‘tkazish;

tibbiyot birlashmalari laboratoriyalarining aniqlik darajasini oshirish, laboratoriya shifokorlarining analizlarni tahlil qilish malakasini oshirish;

aholining onkogematologik savodxonligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Xadjayev) va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.Ko‘chimov) Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda gematologik va onkologik kasalliklarni erta diagnostika qilishning afzalliklarini aks ettiruvchi aniq raqamlar, hayotiy misollar yordamida qisqa metrajli video rolik, qo‘llanmalar tayyorlash va jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rsin.

15. 2021-2022 yillar davomida aholi orasida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun xorijiy grantlar, texnik va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etishning maqsadli ko‘rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Abidov mazkur qarorga 3-ilovada nazarda tutilgan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi uchun shaxsan mas’ul va javobgar etib belgilansin.

Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov:

mazkur qarorga 3-ilovada nazarda tutilgan maqsadli ko‘rsatkichlarning ijrosi to‘g‘risida har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;

aholi, xususan Orolbo‘yi mintaqasidagi bolalar orasida gematologik va onkologik kasalliklarni erta aniqlash, bemorlarni davolash va ularning profilaktikasini kuchaytirish uchun tizimli ravishda grant mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin.

16. Gematologik, onkologik va irsiy immunologik kasalliklarga chalingan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida bemorlarning elektron ro‘yxatini yuritish tizimi joriy etilsin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.Pekos) bilan birgalikda 2021 yil yakuniga qadar bemorlarning elektron ro‘yxatini, jumladan, unda gematologik va onkologik bemorlar ro‘yxatini shakllantirish, ularning elektron tibbiy kartalarini yuritish va bemorlarni davolash jarayonlarini kuzatish imkoniyatlari yaratilishini nazarda tutgan holda ishlab chiqsin.

17. Gematologiya va onkologiya xizmatlarini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. Sog‘liqni saqlash vazirligi (U.Sobirov):

a) ikki oy muddatda:

gematologiya va onkologiya kasalliklarini davolashda foydalaniladigan dori vositalari ro‘yxatini, ularning samaradorligini hisobga olgan holda, qayta ko‘rib chiqsin va har yili yangilab borsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

b) uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (S.Kariyev) bilan birgalikda onkologik bemorlarning davolab bo‘lmaydigan bosqichida ularga narkotik va psixotrop vositalarni buyurish tartibini soddalashtirish, shuningdek, og‘riq qoldiruvchi narkotik noin’eksion vositalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

v) 2022 yil 1 martga qadar kattalar va bolalarda gematologik, onkologik va immunologik kasalliklarni tashxislash, davolash hamda bemorlarga palliativ yordam ko‘rsatish standartlari va klinik protokollarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari asosida qayta ishlab chiqsin.

19. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev va uning o‘rinbosari U.Yu.Sobirov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari B.M.Musayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.

 

  O‘zbekiston Respublikasi

             Prezidenti                                                       Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2021 yil 27 may