Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida joylashgan «Qizketken-Kegeyli» irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli «Do‘stlik» magistral kanalining PK-252 nuqtasida joylashgan «Do‘stlik-1» gidroinshooti 1962 yilda ishga tushirilgan.

Gidrouzel Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlariga «Kegeyli», «Quvanish-jarma», «Kuk-uzyak» va «Yestek» kanallari orqali jami 161 ming 844 gektar yer maydoniga suv yetkazib beruvchi asosiy inshoot hisoblanadi.

Gidroinshootning «Quvanish-jarma» kanaliga o‘rnatilgan «Aqlli suv» qurilmasi grant mablag‘lari hisobidan Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan o‘rnatilgan. Ushbu «Aqlli suv» qurilmasi yordamida aniq vaqt rejimida suvni nazorat qilish, hududlarga yetkazib berilayotgan suv resurslarini onlayn kuzatib borish hamda suvning aniq hisob-kitobini yuritishga erishiladi. Suvni boshqarish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, suvning texnik yo‘qolishlarining oldini olish, suvdan belgilangan limit asosida foydalanish hamda suvni tezkor boshqarish imkoniyati yaratiladi.

«Qizketken Kegeyli» irrigatsiya tizimi boshqarmasi hududida obodonlashtirish ishlari ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. 2020 yil bahor faslida boshqarmaga qarashli «Do‘stlik» kanalining 252-piketidagi «Razvilka» gidrotexnik inshooti atrofida dastlabki suvchilar bog‘i barpo qilingan edi. Joriy yilda esa mazkur boshqarma bog‘ yaratish an’anasiga ko‘ra «Kegeyli» magistral kanalining 114-piketidagi «Do‘stlik» suv taqsimlash inshootining himoya maydonida ikkinchi suvchilar bog‘ini tashkil qildi.

 

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA