Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida

Aholi daromadini oshirishga qaratilgan tadbirkorlik intilishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash mexanizmlarini yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish, “mahallabay” ishlash tizimi orqali mahalliy boshqaruv organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, aholi va tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda ularni samarali hal etishning Samarqand tajribaсини amaliyotga joriy etish maqsadida:

1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining 2021 yil 1 iyundan boshlab Samarqand viloyati tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasida quyidagilarni nazarda tutuvchi “mahallabay” ishlash tizimini eksperiment tariqasida o‘tkazish haqidagi taklifi ma’qullansin:

tuman (shahar) hokimligi ta’sischiligida Mahallabay ishlash markazlariни (keyingi o‘rinlarda – Markazlar) davlat muassasasi shaklida tashkil etish. Bunda Markazlarning faoliyati tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi;

tuman (shahar)lardagi har uchta mahallaga bittadan mahallabay ishlash inspektorlarini biriktirish;

mahalla fuqarolar yig‘ini raisining obodonlashtirish, tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi negizida mahalla fuqarolar yig‘ini raisining tadbirkorlik va tomorqa masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini joriy etish;

hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raisining tadbirkorlik va tomorqa masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining o‘zaro uzviy hamkorlikda ishlashini ta’minlash.

2. Belgilansinki:

Markazlar faoliyati Pastdarg‘omUrgut va Bulung‘ur tumanlarida joriy yil 1 июндан boshlab hamda Samarqand viloyatining qolgan tuman (shahar)larida 1 августга qadar tashkil etiladi;

Markazlarda ochiladigan shtat birliklari tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazining ishga joylashtirish inspektorlari shtat birliklari qisqartirilishi hisobidan shakllantiriladi.

3. Markazlarning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

aholining bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaini yaratish orqali kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rish;

mahallabay ishlash asosida tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish hamda aholini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish;

tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarga, jumladan, ayollar va yoshlarga kredit hamda subsidiyalar olishda ko‘maklashish;

tadbirkorlik, hunarmandchilik qilish istagini bildirganlarga zamonaviy asbob-uskunalar hamda mini-texnologiyalar topishda ko‘maklashish;

mahalladagi infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etish choralarini ko‘rish hamda xorijda mehnat faoliyatini yuritish va malaka oshirish istagini bildirgan fuqarolar bilan ishlash.

4. Samarqand viloyati tuman va shaharlar hokimliklarining namunaviy tashkiliy tuzilmasi 1–3-илоvaларга muvofiq tasdiqlansin.

5. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:

Mahallabay ishlash марказининг namunaviy nizomi va tashkiliy tuzilmasini;

Mahallabay ishlash markazlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning Yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlarini tasdiqlasin.

6. Samarqand viloyati hokimligi tuman va shahar hokimliklari tomonidan namunaviy nizom va tashkiliy tuzilma asosida Mahallabay ishlash markazining ustavi va tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanishini ta’minlasin.

7. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra Markaz direktori:

viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bilan kelishilgan holda tuman hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

mahallalar kesimida to‘plangan muammo va murojaatlarni muvofiqlashtirib, ularni hal etishda tuman (shahar) hokimining tegishli o‘rinbosarlari bilan hamkorlikda ishlarni tashkil etadi;

amalga oshirilgan ishlar natijadorligi yuzasidan har chorakda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashida hisobot berib boradi.

8. Samarqand viloyati hokimligi tashkil etiladigan Markazlarni tegishli bino, zamonaviy axborot vositalari (kompyuter to‘plami, aloqa, Internet va boshqalar) bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda aholi va tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish va hal etishda shaffoflikni ta’minlash va inson omilini kamaytirish maqsadida Markaz va mahalla fuqarolar yig‘ini faoliyatini o‘zaro bog‘liq holda raqamlashtirishni nazarda tutuvchi “Onlayn mahalla” dasturiy ta’minotini (keyingi o‘rinlarda – dasturiy ta’minot) ishlab chiqsin.

Bunda dasturiy ta’minot orqali murojaatlarni qabul qilish, Markazga yuborish va ijrosini monitoring qilishga alohida e’tibor qaratilsin.

10. Moliya vazirligi:

dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va joriy etish bilan bog‘liq xarajatlarni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining byudjetdan tashqari rivojlantirish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplasin;

2022 yildan boshlab har yili dasturiy ta’minotni texnik va dasturiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi buyurtmanomasiga asosan zarur mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlari parametrlarida nazarda tutgan holda ajratsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda Markazlar xodimlari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining tadbirkorlik va tomorqa masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun yangi joriy etiladigan tizimning tub mohiyati va samarali faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha o‘quv seminarlarini tashkil etsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda:

mazkur tajribani tahlil qilib borish maqsadida Samarqand viloyatining tuman (shahar)laridagi Markazlar faoliyatini monitoring qilish guruhini tashkil etsin;

monitoring guruhi tomonidan tajriba jarayonida tizimdagi mavjud muammolarni aniqlash, faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va vakolatli organlarga taqdim etib borish choralari ko‘rilishini ta’minlasin.

2022 yil 1 yanvardan boshlab mazkur eksperimentni respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish maqsadga muvofiqligi yuzasidan taklif kiritsin.

13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mahalliy davlat hokimiyati organlari tashkiliy tuzilmasini isloh qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

         Prezidenti                              Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 6 may