Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida ochilgan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi faoliyati bilan tanishdi.
“Zarmed pratiksha hospital group” nomli ushbu qo‘shma korxona O‘zbekiston va Hindiston hamkorligida tashkil etilgan. Uning ta’sischilaridan biri Nishant Bajajning aytishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi, ishbilarmon doiralar o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvlar hamkorlikka ishonch tug‘dirgan.
Qo‘shma korxonaning dastlabki loyihasi bo‘lgan mazkur tibbiyot markazi uchun 8,5 million AQSH dollari sarflangan.
Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida 5 ta jarrohlik amaliyoti xonasi, 100 o‘rinli statsionar mavjud. Intervension kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, endoskopik jarrohlik, ortopediya va travmatologiya, urologiya va ginekologiya, otolaringologiya faoliyat turlari uchun zamonaviy diagnostika uskunalari o‘rnatilgan. Bir vaqtning o‘zida 600 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Tibbiy xizmatlar xalqaro standartlar asosida kompleks tarzda ko‘rsatiladi. Markazda 140 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
– Mamlakatimizda xususiy tibbiyotga sharoit yaratilgani natijasida mana shunday zamonaviy klinikalar ko‘paymoqda. Endigi vazifa bemorlarga sifatli xizmat ko‘rsatib, odamlarning ishonchini qozonish. Davolanish uchun chet elga ketmoqchi bo‘lganlarni ham jalb etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga Samarqandda xususiy tibbiyot universiteti va klinikadan iborat tibbiyot klasterini tashkil etish, xorijda ishlab yurgan samarqandlik shifokorlarni ishga taklif etish uchun viloyat hokimligida jamg‘arma tuzib, ularni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.